Usmon Ismoilovich Rahimov Olmaliqning yangi hokimi bo‘ldi. Uning nomzodi 15 avgust kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashining navbatdan tashqari 39-sessiyasida tasdiqlandi, deya xabar qildi Toshkent viloyati hokimiyati matbuot xizmati.

Usmon Rahimov — Toshkent davlat texnika universiteti bitiruchisi (1999). Mehnat faoliyatini «Toshneftgazqurilish» kompaniyasining «Payvandqurilishmontaj» UKda muhandislikdan boshlab, bosh mexanik, direktor o‘rinbosari va direktor lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.

Usmon Rahimov.

Keyinchalik Toshkent viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.

2018 yildan Nurafshon shahri (sobiq To‘ytepa shahri, hozirda Toshkent viloyatining ma’muriy markazi) hokimi lavozimini egalladi.

Sessiyada so‘zga chiqqan viloyat hokimi v. b. Rustam Xolmatov shunday dedi: «Men Toshkent viloyatida oldin ham mas’ul vazifalarda ishlaganman. Olmaliq shahri qiyofasi o‘sha o‘n yillar oldin ham deyarli shunday edi. Shaharda tub o‘zgarish ko‘zga tashlanmayapti. Vaholanki, poytaxtga borsangiz, shahar qiyofasi yil sayin o‘zgarib borayotganini ko‘rasiz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, sentyabrda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifi kutilmoqda. «Biz davlat rahbarining tashrifiga tayyormizmi? Olmaliqda Prezident islohotlari samaralarinioddiy odamlar his qilayaptimi? Bugun hammamiz ana shu savolga vijdonan javob berishimiz kerak», — dedi viloyat ma’muriyati rahbari.

Olmaliqqa 2018 yil avgustidan buyon rahbarlik qilib kelayotgan O‘ktamjon Karimov iyul oyi oxirida O‘zbekiston iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan edi.