Qahramon Hakimov Nurafshonning yangi hokimi bo‘ldi. Uning nomzodi 15 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Nurafshon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tasdiqlandi, deya xabar berdi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati. Shaharning avvalgi hokimi Usmon Rahimov xuddi shu kuni Olmaliq hokimi lavozimiga tayinlandi.

Qahramon Hakimov (1971 y. t.) — Farg‘ona politexnika instituti bitiruvchisi (1995). Ish faoliyatini Izboskan tumani IIBda boshlagan. Faoliyati davomida sanoat va qurilish sohasida bir qator mas’ul lavozimlarda ishlagan. 2018 yilda «ToshuyjoyLITI» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori lavozimiga tayinlangan.

Nurafshon shahri (sobiq To‘ytepa) 2017 yilning yozida Toshkent viloyatining ma’muriy markazi etib belgilandi (avval viloyatning ma’muriy markazi yo‘q edi). Toshkent shahridan viloyat hokimligi bu yerga ko‘chirildi. Hozirda shaharni to‘liq qayta qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.

«Bugun ko‘z o‘ngimizda yangi shahar paydo bo‘layapti. Nurafshon degan go‘zal shahar qad ko‘tarayapti, — dedi sessiyada so‘zga chiqqan viloyat hokimi v. b. Rustam Xolmatov. — Men hokimlik tizimida mustaqillikning ilk yillaridan beri ishlayman. Har yili Toshkent viloyatining markazi shahardan boshqa joyga ko‘chishi haqida gap-so‘zlar bo‘lardi. Ammo, bu ish bo‘lmadi».

«Ishimizda samara bo‘lishi kerak. Yangi Nurafshonni hammamiz birgalikda quramiz. Bu borada biz tadbirkorlarimizga suyanishimiz kerak. Shahar markazidagi ob’ektlarni qurishda mahalliy tadbirkorlarning ishtiroki ko‘proq bo‘lishini istardim. Nurafshon kelajak shahri. Bu yerda yirik loyihalar harakatga keltirildi va yana ana shunday loyihalar yana ko‘p bo‘ladi», — dedi viloyat hokimi.

Rustam Xolmatov shahar hokimligi jamoasi ko‘p ishlarni bugun Olmaliqda ish boshlagan Usmon Rahimovga tashlab qo‘yganini achinish bilan tilga oldi. «U ko‘p ishlarni yolg‘iz o‘zi zimmasiga oldi, qiynaldi. Buyog‘iga har kim o‘z aravasini tortishi kerak. Bu ishda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga ko‘p narsa bog‘liq», — dedi u.