Iyulda Rossiyaning Samara viloyatida zaharlangan 69 nafar O‘zbekiston fuqarosidan biri O. S. hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi. Mamlakatning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi marhumning jasadini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilishda ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Iyul oyi o‘rtalarida Samara viloyati bo‘yicha Rossiya tergov qo‘mitasi 46 erkak — O‘zbekiston fuqarolari 17 iyul kuni zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani, ushbu holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilayotganini xabar qilgan edi. Keyinroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi «Koshelevskiy posad» korxonasida ishlayotgan 69 nafar O‘zbekiston fuqarosi «noma’lum moddadan zaharlanish» tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgani, ular orasida bolalar ham bo‘lib, uch nafarining ahvoli barqaror-og‘ir ekanini ma’lum qildi.

TIVning 15 avgustdagi ma’lumotlariga ko‘ra, kasalxonaga yotqizilgan 69 nafar O‘zbekiston fuqarosidan 48 nafari V.D.Seredavin nomidagi Samara viloyati klinik shifoxonasida va 1-son Tolyatti shahar klinik shifoxonasida bo‘lib turibdi. Ularning ahvoli barqaror-og‘ir deb baholanmoqda.

20 ta vatandoshga kasalxonadan javob berildi va ular ish joylariga qaytishdi. Ular mahalliy shifokorlarning doimiy kuzatuvida bo‘lib turibdi.

«O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh yuzaga keladigan masalalarni hal qilish uchun rossiyalik hamkasblari bilan aloqa o‘rnatdilar. Bosh konsulxona vaziyatni doimiy nazoratda ushlab turibdi», — deyiladi TIV xabarida.

Vaziyatni o‘rgangan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakillari 19 iyul kuni «Koshelevskiy posad» direktori Nail Sharkayev bilan uchrashdi. Korxona rahbari o‘shanda o‘z xodimlarining davolanish xarajatlarini qoplash, shuningdek ularning ovqatlanish va yashash sharoitlarini yaxshilashga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi. Korxonada 70 nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda, ular bog‘larni parvarishlash hamda meva-rezavorlar yig‘ish ishlari bilan shug‘ullanadi.

Yaqinda «Ozodlik» radiosi jabrlangan fuqarolar O‘zbekiston hukumatidan davolanishni davom ettirish uchun moliyaviy yordam so‘ragani haqida xabar qildi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, migrantlar zookumarin — urug‘larni zararkunandalarga qarshi dorilashda qo‘llaniluvchi pestitsiddan zaharlangan.