Joriy yilning 4 — 15 avgust kunlari O‘zbekistonda birinchi bor Xalqaro armiya o‘yinlarining «Harbiy-tibbiy estafeta» yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro musobaqa o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Qiziqarli bahs va munozaralarga to‘la bo‘lgan 12 kun davomida 11 ta davlatning 200 nafarga yaqin harbiy-tibbiyot mutaxassislari nafaqat yuqori malaka va mahoratlarini namoyish qilishdi, balki harbiy birodarlik va do‘stona munosabatlarni ham ko‘rsatishdi.

Bu yilgi musobaqada Angola, Armaniston, Ozarbayjon, Zimbabve, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Tojikiston, Myanma, Vetnam va O‘zbekiston davlatlari ishtirok etdi.

Beshinchi bor o‘tkazilayotgan Xalqaro armiya o‘yinlari bu yil rekord darajadagi ishtirokchilar soni — 36 davlatning 217 ta jamoasidan 5 mingdan ziyod harbiy mutaxassislari qatnashmoqda.

«Forish» poligoni mezbonlik qilgan «Harbiy-tibbiy estafeta» tanlovining final bosqichida «Xalqaro tanlov g‘olibi» nominatsiyasi bo‘yicha umumjamoa hisobida o‘rinlar qo‘yidagicha taqsimlandi:

1-o‘rin — O‘zbekiston Respublikasi (5979 ball).

2-o‘rin — Qozog‘iston Respublikasi (5116 ball).

3-o‘rin — Rossiya Federatsiyasi (4992 ball).

Harbiy shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan mazkur musobaqa yetakchi mamlakatlarning eng kuchli mutaxassislarining shiddatli va murosasiz bahslariga boy bo‘ldi. Ishtirokchilar barcha shartlarda yuksak kasbiy mahorat va matonat namunalarini namoyish qilishdi.

«Harbiy-tibbiy estafeta» xalqaro tanlovining yopilish marosimi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov hamda Mudofaa vazirligi Tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i, tibbiy xizmat polkovnigi Nosirjon Fozilov respublika markaziy bosma va elektron nashrlarida faoliyat yuritadigan o‘nlab jurnalistlarga o‘tkazilgan musobaqa tartibi va g‘oliblari haqida batafsil ma’lumot berdi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqa g‘olibi «Gentra» avtomobili bilan taqdirlanadi.Konets formы