Qozog‘istonning Turkiston viloyati Sariag‘ach tuman sudi 13 avgust kuni Orduxan Mextiyev — 2018 yil yanvarida «Samara — Chimkent» trassasidagi yong‘inda 52 nafar O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgan avtobus egasini uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. U jazoni minimal xavfsiz jinoyat-ijro tizimi muassasasida o‘taydi, deya xabar qildi Qozog‘istonning informburo.kz nashri.

Orduxan Mextiyev Jinoyat kodeksining 348-modda 4-qismida (transport vositasining sifatsiz ta’miri yoki ularni texnik nosoz holda foydalanishga chiqarish) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir tganlikda aybdor deb topildi.

Yo‘lovchi avtobusi 2018 yilning 18 yanvar kuni Oqto‘be viloyatida yonib ketgan edi. Salonda 55 nafar yo‘lovchi va 2 nafar haydovchi bo‘lgan, 52 kishi hodisa joyida vafot etib, 5 kishi avtobusdan chiqib keta olgan edi.

Avtobus haydovchisi huquqni muhofaza qilish organlari va tergovdan qochib, yashiringan edi. O‘tgan yilning dekabrida u Toshkentda qo‘lga olinib, so‘ngra Chimkentga ekstradatsiya qilingan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning noyabrida sud avtobus haydovchilarini besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Tashuvchi kompaniya ta’sischilari 3,5 yil muddatga minimal xavfsiz koloniyada jazo o‘taydi.