O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida"gi farmonini imzoladi.

Hujjatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari, Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi va boshqa vakolatli davlat organlari rahbarlari Konstitutsiyaning xususiy mulkning daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini ta’minlash, tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va yanada ko‘paytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risidagi normalarini so‘zsiz ijro etish va ularga qat’iy rioya qilish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

2020 yil 1 martdan «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi qonun kuchga kiradi. 2020 yil 1 fevralga qadar Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartib-taomillarini aprobatsiya qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkaziladi.

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari respublikaning barcha hududlarida faqat «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali taqdim etiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimida aniq investitsiya majburiyatlari bilan birga yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish maydonchasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keyinchalik ularni elektron onlayn-auksionga qo‘yish masalasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun joylashtirish to‘g‘risida takliflar kiritish huquqi beriladi.

2019 yil 1 sentyabrdan boshlab foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlarini, shu jumladan, ta’lim muassasalari (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bundan mustasno), sog‘liqni saqlash va sport, madaniyat, xususan kinoteatrlar, klublar, konsert-tomosha ko‘rsatish muassasalari va kinolashtirish ob’ektlari, shuningdek, davlat tashkilotlarining bo‘sh turgan yer uchastkalaridan (keyingi o‘rinlarda — foydalanilmayotgan aktivlar) doimiy foydalanish huquqini xo‘jalik faoliyatiga jalb qilish va sotish tartibi joriy etiladi. Unga muvofiq:

  • foydalanilmayotgan aktivlarning mulkdorlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi hududiy boshqarmalarining tegishli so‘rovi kelib tushgan vaqtdan boshlab ikki oy muddatda balansda saqlovchining yuqori turuvchi tashkiloti (agar mavjud bo‘lsa) bilan kelishilgan, foydalanilmayotgan ob’ektlar va bo‘sh turgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish bo‘yicha «yul xaritasi"ni taqdim etishi shart;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida foydalanilmayotgan ob’ektlarni xo‘jalik faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan «yo‘l xaritasi» tasdiqlanadi;
  • foydalanilmayotgan aktivlarning balansda saqlovchisi tomonidan «yo‘l xaritasi» taqdim etilmagan yoki unda nazarda tutilgan foydalanilmayotgan aktivlardan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan muddatda bajarilmagan yoxud «yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash rad etilgan hollarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘z vakolatlari doirasida foydalanilmayotgan aktivlarni olib qo‘yish va sotish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir.

Prezident qarori bilan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilmoqda.

«Mikrokreditbank» va «Xalq banki» «oilaviy tadbirkorlik"ni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtiruvchi banklar etib belgilandi. Avval ajratilgan kreditlar hisobiga bo‘shaydigan mablag‘lar kichik biznes va tadbirkorlikni bozor sharoitlariga yaqin stavkalarda kreditlash uchun yo‘naltiriladi.