Xalqaro ahamiyatga ega M39 yo‘lidagi «Zarafshon» avtomobil va temiryo‘l ko‘prigida birinchi marotaba Samarqand shahridagi Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari hamkorligida katta masshtabdagi tungi va kunduzgi o‘quv mashg‘ulotlari yakuniga yetdi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.

Markaziy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonining moddiy-texnik ta’minoti bo‘yicha o‘rinbosari rahbarligida o‘tgan 3 bosqichdagi maxsus o‘quv mashg‘ulotlarning birinchi kuni «Zarafshon» temiryo‘li ko‘prigi yaqinida 300 metr masofada harakatdagi poyezd shartli ravishda portlatildi.

«Zarafshon-Jomboy» yo‘nalishida 3711 km. PK9 nuqtasidagi juft yo‘lda tungi soat 02.30 da sodir bo‘lgan holatni o‘rganish va tezkor choralar ko‘rish maqsadida, IVV va FVVning tezkor guruhlari yetib keldi. Qisqa fursatda xavf bartaraf etildi. Izdan chiqqan vagonni relsga qo‘yish uchun 350 tonnali kran ishga tushdi. Yong‘in o‘chirildi. Yaradorlar qutqarilib, joy yana bir bor maxsus ko‘rikdan o‘tkazildi.

2-bosqichda tegishli Kuchishlatar tuzilmalarning tezkor bo‘linmalari zimmasiga xalqaro ahamiyatga ega M39 yo‘ldagi «Zarafshon» avtomobil ko‘prigiga o‘rnatilgan minani zararsizlantirish hamda yo‘q qilish vazifasi yuklatildi.

Dastlab, minani o‘rnatgan shaxslar joylashgan ob’ekt aniqlanib, ularni qo‘lga olish bo‘yicha yig‘ma maxsus guruh tuzildi.

Yuzdan ortiq xavfli minalarni zararsizlantirgan «Jasorat» medali sohibi, Ichki ishlar vazirligi maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi otryad komandiri o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Nurimov «Telegrop» rusumli roboti yordamida minalarni muzlatib qo‘ydi. Ya’ni robort mashina orqali portlovchi vositaning ishchi holati to‘xtatilib, yo‘q qilindi.

Ushbu o‘quv mashg‘ulotlarning 3-bosqichi Samarqand harbiy harakatlar bo‘limi tomonidan o‘tkazilib, harbiy texnikalarni va moddiy vositalarni temiryo‘l poyezdiga yuklash va tashish kabi tadbirlarini o‘z ichiga oldi.