O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari endilikda nafaqat havo yo‘llari orqali, balki yer usti transportlarida ham Xitoyga yetkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va Xitoy Xalq Respublikasi Sifat, nazorat, inspeksiya va karantin bo‘yicha bosh ma’muriyati o‘rtasida 2017 yil 5 iyulda imzolangan kelishuvga muvofiq, hozirga qadar O‘zbekistondan Xitoyga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari faqatgina havo yo‘llari orqali eksport qilinayotgan edi.

Respublikaning karantin ostidagi mahsulotlari, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Xitoy Xalq Respublikasi bozoriga eksporti hajmini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulayliklar yaratish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportidagi raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan yangi infratuzilma yaratish maqsadida, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va Xitoy Xalq Respublikasining Bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro olib borilgan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi.

Jumladan, XXR tarafi joriy yilning avgust oyidan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari O‘zbekistondan Xitoyga nafaqat havo yo‘llari orqali, balki yer usti transportlarida Xorgos (Qozog‘iston), Alashankou (Qozog‘iston) va Irkeshtam (Qirg‘iziston) chegara maskanlari orqali eksport qilinishiga ruxsat berilganligini tasdiqladi.