Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston «Tolibon» harakatining Doxadagi siyosiy idorasi rahbari mulla Birodar Axund boshchiligidagi degelatsiyani rasman qabul qilinganiga norozilik bildirdi. Bu haqda Afg‘oniston TIVning Twitter`dagi sahifasida e’lon qilingan xabarda so‘z boradi.

O‘zbekiston TIV 8 avgust kuni vazirlikda «Tolibon» harakatining Dohadagi siyosiy ofisi rahbari mulla Barodar Axund boshchiligidagi harakat vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tganini xabar qilgan edi. Xabarda Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish maqsadida mamlakatda tinch siyosiy jarayonlarni ilgari surish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingani haqida so‘z bordi.

«„Tolibon“ harakatining siyosiy ofisi rahbari afg‘onlararo muloqotning navbatdagi raundini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatladi. Mazkur tadbirning Afg‘onistondagi hozirgi real vaziyat nuqtayi nazaridan o‘z vaqtida tashkillashtirilayotgani va dolzarbligi qayd etildi va O‘zbekiston tomonining mazkur uchrashuvni o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratib berishga tayyorligi uchun minnatdorlik izhor etdi», — deyiladi xabarda.

Afg‘oniston TIV xabarida esa shunday deyiladi: «Afg‘oniston har doim xalqaro va mintaqaviy hamkorlik, ayniqsa qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik, Afg‘onistondagi tinchlik jarayonlarini olqishlaydi. O‘zbekiston Respublikasi do‘st va qo‘shni davlat sifatida o‘zining ushbu aloqalarga tayyor ekanini bildirgan».

«Biroq „Tolibon“ vakillarining rasmiy qabuli va muzokaralar rivoji O‘zbekiston Respublikasining Afg‘oniston Islom Respublikasi va „Tolibon“ harakati vakillari o‘rtasidagi tinch muzokaralarga ko‘maklashayotganidan darak bermaydi», — deyiladi bayonotda.

«Biz barcha mamlakatlarni, ayniqsa o‘z qo‘shnilarimizni rahbariyatni hamda Afg‘oniston Islom Respublikasida tinchlik jarayonida xalq va hukumat ishtirokini hurmat qilishga chaqiramiz», — deya ta’kidlanadi bayonotda.

«Tolibon» vakillarining Twitter`da e’lon qilgan xabar va fotosuratlarida harakat delegatsiyasining Toshkentdan tashqari Samarqand va Buxoroga ham tashrif buyurganini ko‘rish mumkin.

Erkinjon Turdimov Birodar Axundga chopon kiydirmoqda. Foto: Zabehulah_M33 / Twitter.

9 avgust kuni «Tolibon» delegatsiyasi Samarqandda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashdi. Harakat vakillari imom Al Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda Shoxi Zinda majmuasidagi Qusam ibn Abbos maqbarasiga tashrif buyurdi.

O‘ktam Barnoyev delegatsiya bilan uchrashuvda. Foto: Zabehulah_M33 / Twitter.

10 avgust kuni delegatsiya Buxoro viloyatiga tashrif buyurib, muqaddas maskanlarni tomosha qildi. Delegatsiya viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev bilan uchrashdi.

11 avgust, Qurbon hayiti bayrami kuni harakat vakillari Toshkentdagi masjidda hayit namozini o‘qidi.