Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev bir qator o‘ta og‘ir jinoyatlarni amalga oshirganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda mamlakat bosh prokurori Otkurbek Jamshitov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Kabar» agentligi.

Bosh prokuror so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning sobiq rahbari quroldan foydalanish, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish, tergovga to‘sqinlik qilish, asirga olish, qotillik va qotillikka urinish kabi jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

Almazbek Atambayevni qo‘lga olish operatsiyasi vaqtida qarshilik ko‘rsatgan uning tarafdorlariga nisbatan ham bir nechta sudga qadar tergov harakatlari boshlandi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Orozbek Opumbayev sobiq prezident davlat to‘ntarilishiga tayyorgarlik ko‘rganini ma’lum qildi. Uning xabariga ko‘ra, Atambayev o‘z uyida 500 kishi, asosan bolalar, ayollar va keksalarni to‘plashni maqsad qilgan.

«Unga qon kerak edi, o‘shanda hukumatni ayblar, davlat to‘ntarilishini amalga oshira olar edi. Sobiq prezidentning uyidan nishonchi miltig‘i, to‘pponchalar, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar topildi», — dedi u.

Almazbek Atambayev dahlsizlik huquqidan mahrum etilgan va 8 avgust kuni o‘tkazilgan maxsus operatsiya jarayonida Koy-Tash qishlog‘idagi o‘z qarorgohida qo‘lga olingan edi.