Yakshanba kuni Toshkentda 1979 yilda Dneprodzerjinskiy osmonida ro‘y bergan aviahalokatda vafot etgan «Paxtakor» futbol klubi o‘yinchilari xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. 1979 yil 11 avgust yuz bergan fojiaga 40 yil to‘ldi, deyiladi jamoa matbuot xizmati xabarida.«Paxtakor» stadionidagi yodgorlik oldida klub rahbariyati, o‘sha jamoa a’zolarining oilasi va yaqinlari, murabbiy va mutaxassislar, muxlislar, klublar, O‘FA va PFL vakillari, «Paxtakor"ning ayni paytdagi futbolchilari jam bo‘lishdi.

Dastlab Mirzahakim To‘xtamirzayev, jurnalistlardan biri Vladimir Safarov, gruziyalik futbolchi Aleksandr Chivadze, O‘FA faxriylar kengashi raisi Narimon Jalolov va boshqalar so‘zga chiqib, shonli jamoa a’zolarini yodga olib o‘tishdi.

Botkin qabristonida Idgay Tazetdinovning bevasi Alla Tazetdinova, «Paxtakor» afsonalari Vasilis Xadzipanagis, To‘lagan Isoqov so‘zga chiqishdi. Isoqov o‘zi bilan birga o‘ynagan jamoadoshlarini tarbiyalagan insonlar oldida tiz cho‘kib, ularga minnatdorchilik bidirdi. Taniqli jurnalist Mavlon Shukurzoda, O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, «Paxtakor» futbol klubi bosh direktori Dmitriy Adisman o‘sha jamoa vakillari hamisha qalbimizda mangu yashashi, ularning xotirasini yod etish, har doim esga olish haqida aytib o‘tishdi.

Toshkentda fojianing 40 yilligi arafasida «Paxtakor-79» jamoasi sharafiga nomlangan ko‘cha paydo bo‘ldi. Muqaddam «Paxtakor» va O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasiga olib boruvchi bu kichik ko‘chaning nomi yo‘q edi. Endilikda u «Paxtakor-79″ deb ataladi.