Moskvaning adademik Saxarov shoh ko‘chasida ruxsat berilgan aksiyaga 50 mingdan ziyod kishi yig‘ildi, deya xabar qildi Rossiyaning «Gazeta.ru» sayti ommaviy tadbirlarda odamlar sonini monitoring qiluvchi «Belыy schetchik» loyihasi ma’lumotlariga tayangan holda.

Kelishilgan mitingdan so‘ng Moskva markazida ruxsat berilmagan yurish aksiyasi boshlandi, ushbu aksiya chog‘ida, poytaxt IIB ma’lumotlariga ko‘ra, 136 kishi qo‘lga olindi.

10 avgust kuni Saxarov shoh ko‘chasidagi aksiya 2011 yil dekabridan keyingi eng ommaviy muxolifat mitingi bo‘ldi.

Foto: varlamov.ru

Tadbirga jurnalistlar Leonid Parfenov va Yuriy Dud, yozuvchi Lyudmila Ulitskaya, shuningdek reperlar Face, Ic3peak, Oxxxymiron hamda «Krovostok» guruhi keldi.

Aksiyadan ko‘zlangan maqsad — Moskva shahar dumasiga mustaqil nomzodlarning ro‘yxatga olinishidan iborat. Ishtirokchilar Moskva dumasi sayloviga Dmitriy Gudkov, Yuliya Galyamina, Ivan Jdanov, Lyubov Sobol va Ilya Yashinlarning nomzod sifatida ro‘yxatga olinishini talab qilmoqda. Avvalroq saylov komissiyasi nomzodlar yetarlicha imzo to‘play olmaganini ma’lum qilib, ular nomzodini tasdiqlamadi.

Ushbu qarordan norozi bo‘lganlarning qayd etishicha, ko‘plab imzolar saylov komissiyasi va amaldorlarning xatolari tufayli yaroqsiz holga keltirilgan, yuzlab saylovchilar mavjud emas deb topilgan.