O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 6 avgust kuni ikkinchi o‘qishda «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida"gi qonunni qabul qildi. Hujjatda uy-joy mulkdorlari shirkatlarining huquqiy maqomini belgilash, ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda davlat organlari bilan munosabatlari ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasida qayd etilishicha, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi davlat nazorati ko‘p kvartirali uylardan texnik foydalanishda qoida va meyo’rlarga rioya qilish, bino va unga tutash yer uchastkalarining texnik holatini zarur darajada qo‘llab-quvvatlab turish kabi maqsadlarda amalga oshiriladi.

Davlat nazorat o‘rganish va monitoring o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p kvartirali turar joy fondidan foydalanish sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalariga yuklash taklif etilmoqda.

Inspeksiya quyidagilar ustidan davlat nazoratini o‘rnatadi:

  • ko‘p kvartirali uylar, ularga tutash yer uchastkalarini saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi, mulkdorlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan qayta qurishlar va binolar rejasining o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • umumiy mol-mulklar, ko‘p kvartirali uylarning old qismlari, uy ichi muhandislik kommunikatsiyalari ta’mirlash-tiklash ishlarida tartib-qoidalarga rioya etilishi;
  • turar joy-kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi tashkilotlari tomonidan tegishli xizmatlarni ko‘rsatishda me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etilishi;
  • ko‘p kvartirali uylarni kapital ta’mirlashda ko‘p kvartirali uylarda ko‘chmas mulk egalari mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish.

Qonun loyihasiga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni shartnoma asosida yuridik shaxslar (tashkilot) yoki jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) boshqarishi mumkin. Boshqaruvni bevosita bino mulkdorining o‘ziga yoki turar va noturar binolar mulkdorlarini birlashtiruvchi notijorat tashkilot — uy-joy mulkdorlari shirkatlariga topshiriladi.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi sohada uchrayotgan ko‘plab muammolarni bartaraf etishga, amaliyotda vujudga kelgan yana bir o‘tkir masala — noturar joy mulkdorlarining shirkat a’zosi hisoblanmasligiga barham beriladi, ularning huquq va majburiyatlari kengaytiriladi.