Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida o‘tkazilgan «REMBAT» — «Eng ilg‘or ta’mirlash va evakuatsiya bataloni» musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Quvonarlisi, unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi yakka tartibdagi poyga, harbiy texnika estafetasi, otish tayyorgarligi, jamoa sardorlari bellashuvi shartlarini ko‘ngildagidek bajarib, yakunda umumjamoa hisobida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Musobaqa 4 avgust kuni start olgan edi. O‘zbekiston harbiy mutaxassislari ushbu musobaqada birinchi marotaba ishtirok etishiga qaramay, beshta bosqichdan iborat bo‘lgan bahslarning 4 tasida 2-, bittasida esa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Umumiy hisobda esa Rossiya birinchi bo‘ldi. Uchinchi o‘rin Laos jamoasiga nasib etdi. Dunyoning 8 jamoasi ishtirok etgan mazkur musobaqada O‘zbekiston jami 6 022 ball yig‘di.

10 avgust kuni «REMBAT» — «Eng ilg‘or ta’mirlash va evakuatsiya bataloni» musobaqasining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston vakillari shohsupaning 2-pog‘onasida o‘z sovrinini qabul qilib oldi.