Yangi arralangan 40−50 yillik qarag‘ay daraxti tanalari ortilgan yuk mashinasi 8 avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan ekologik reyd vaqida qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Yuk egasi — Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi B. Saipnazarov (1978 y. t.) — daraxtlarning qonuniy kesilganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmadi. U qarag‘aylar Qibray tumanidagi «Bo‘ston» sanatoriyasi hududida kesilgani va uning «O‘rikzor» bozori yaqinidagi qurilish taxtalarini tayyorlash sexiga olib ketilayotganini ma’lum qildi.

Qo‘lga olingan shaxs 10 yildan buyon daraxtlarni noqonuniy kesish bilan shug‘ullanib kelayotganini ham ma’lum qildi.

Hozirda B. Saipnazarovga nisbatan materiallar tayyorlanmoqda, ular huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etiladi, deya qayd etdi Davlat ekologiya qo‘mitasi.