O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning O‘zbekistonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash maqsadida Xalqaro arbitraj islohotini o‘tkazish uchun 225 000 AQSH dollari miqdoridagi texnik ko‘magini jalb qildi. Bu haqda O‘zA Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limiga tayanib xabar berdi.

OTBning texnik ko‘magi quyidagilarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi:

zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiq «Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida"gi Qonunni ishlab chiqish, jumladan xalqaro ekspertlar va OTB tomonidan qonun loyihasini ishlab chiqishning turli bosqichlarida uni ko‘rib chiqish va xulosalar taqdim qilish, shuningdek, hukumat va boshqa manfaatdor tomonlar bilan qator maslahatlashuvlar o‘tkazish;

xorijiy arbitraj qarorlarini va ular bilan bog‘liq xalqaro arbitraj nizolarini tan olish va ijro qilish haqidagi protsessual kodekslarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalarni ishlab chiqish;

Xalqaro arbitraj islohotini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida huquqni qo‘llovchi sifatida sudyalar va amaliyotchi-huquqshunoslarning hamda huquqdan foydalanuvchilar sifatida xususiy sektorning salohiyatini oshirish.

Texnik ko‘mak amalga oshirish maqsadida OTB yetakchi xalqaro ekspertlardan iborat maslahatchilar jamoasini jalb qiladi.

Mazkur loyihani amalga oshirish O‘zbekistonda xalqaro tijorat nizolarini hal qilishning muqobil mexanizmlari rivojlanishiga, xususan mamlakat hududining mintaqaviy arbitraj markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga hamda yanada jozibador investitsion muhit shakllanishiga xizmat qiladi.