Farg‘onada Rishton tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri o‘z xizmat vakolatiga kirmasa-da, bog‘cha mudirasi lavozimiga tayinlash evaziga 1 ming 200 AQSH dollarini olmoqchi bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Rishton tumani maktabgacha ta’lim mudiri vazifasini bajaruvchi Farhod Qoraboyev (ism familiyasi o‘zgartirilgan) fuqaro G. T.ni Farg‘ona viloyati hududidagi yoki Rishton tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalarining biriga mudir lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da beradi. Bu ish o‘zining xizmat vakolatiga kirmasligini yaxshi bilsa-da, nafs ustun keldi. Bu ish «quruq"qa bitmasligi, xizmati 1 ming 200 AQSH dollarini bo‘lishini aytib, uni aldaydi. Fuqaro G. T. bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qilgan.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentning viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Rishton tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi F.Qoraboyev fuqaro G. T.ni bog‘chaga mudir lavozimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga fuqaro N.N.dan o‘z xizmat xonasida kimyoviy ishlov berilgan ming (1000) AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

— Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda, — deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tumani sudi raisi N. Payg‘amov. — Afsuski, ba’zi bir rahbarlar o‘z mansablarini suiiste’mol qilib, jirkanch illatga qo‘l urmoqda. Rishton tumani maktabgacha ta’lim mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi tomonidan sodir etilgan bu jinoyat ham shundaylardan biridir. Sud tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sudlanuvchiga tegishli jazo tayinlandi.