O‘zbekiston Markaziy banki iyul oyining ikkinchi yarmidan boshlab, ayniqsa so‘nggi haftada ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaning so‘mga nisbatan almashuv kursi oshish sur’atining tezlashishi kuzatilayotganiga izoh berdi.

Joriy haftada Markaziy bank valyutalar kursini ikki marta yangiladi. 10 avgustdan bir dollar 8882 so‘m. 6 avgustdagiga qaraganda 177,13 so‘m oshdi. Yevro kursi esa 2569 so‘mga qimmatlab, 9928 so‘m etib belgilandi.

Markaziy bank xabarida qayd etilishicha, bunga bir qator tashqi va ichki omillar sabab bo‘lmoqda.

Tashqi omillar. Joriy yilning iyul oyidan boshlab O‘zbekistonning asosiy savdo hamkor davlatlari (Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy) milliy valyutalari almashuv kursining qadrsizlanish tendensiyasi kuzatilmoqda va bu, o‘z navbatida, ichki valyuta bozorimiz ishtirokchilarining almashuv kursi bo‘yicha kutilmalari va qarorlar qabul qilish jarayoniga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ichki omillar, asosan, import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning o‘sib borishi bilan bog‘liq.

Ichki valyuta bozorida talab va taklif hajmlari ma’lum bir darajada barqaror shakllangan davrda, Markaziy bankning intervensiyalari ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinni sotib olish natijasida hosil bo‘lgan qo‘shimcha likvidlikni sterilizatsiya qilish bilan birgalikda, valyuta kursini qisqa muddatli tebranishlarini pasaytiruvchi instrument sifatida qo‘llanib kelinadi.

Shuningdek, ichki valyuta bozorida yuzaga kelgan joriy holatni inobatga olib, Markaziy bank intervensiyalarni amalga oshirishda valyuta kursi kunlik tebranishining kengaytirilgan koridorini qo‘llash mexanizmiga o‘tmoqda.

Markaziy bank almashuv kursining valyuta bozorida yuzaga kelgan joriy holatga qisqa muddatli kurs tebranishlarning davom etishi xamda keyinchalik fundamental trendiga qaytishi hisobiga katta bo‘lmagan o‘zgarishlar bilan moslashib olishi mumkinligini bildiradi.

6 avgustgacha dollar kursining o‘sish ko‘rsatkichlari