Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri Samarqand ko‘chasidagi 113 va 115-uylarni buzish to‘xtatildi. Shahar hokimi Farhod Mirzayev 2 avgust kuni bu haqdagi qarorni qabul qildi. 115-uyda istiqomat qiluvchi fuqarolar qaror fotosuratini «Gazeta.uz"ga taqdim etdi.

«Ma’lum sabablarga ko‘ra fuqarolarga tegishli turar va noturar binolar buzilishi to‘xtatilgan bo‘lib, qurilish ishlari qonunda belgilangan tartibda va mulkdorlarning qat’iy roziligi asosida olib borilishi belgilandi», — deyiladi hujjatda.

«Gazeta.uz» 113va 115-uylarni buzishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida yozgan edi. Yangiyo‘l ma’muriyati tayyorgarlik ishlarini turar joy egalari bilan buzish va tovon to‘lash tartiblarini kelishmasdan turib qonun talablarini buzgan holda olib bordi.

Buzish to‘g‘risidagi qaror 26 iyun kuni shaharning me’moriy qiyofasini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha topshiriq berilgani munosabati bilan qabul qilingan edi. Hokimiyat buzish uchun prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil yanvar oyida va 2019 yilning iyunida Toshkent viloyatiga tashrifi vaqtidagi topshiriqlarini asos qilib ko‘rsatgan.

«Biz avvaliga bosh vazir [mulkdorlarni ogohlantirmasdan va tovon to‘lamasdan] buzishni bekor qilgani to‘g‘risidagi maqolani o‘qidik. Biroq bizga baribir hokimiyatdan odamlar kelib, noyabrgacha [buzilgan 103 va 105-uylar o‘rniga yangi uylar] qurilishini aytishdi. Va bizning uylarimizni buzishni boshlashadi», — dedi 115-uyda yashovchi Darya Solovyova «Gazeta.uz"ga.

6 avgust kuni 113 va 115-uylarda yashovchi odamlar O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga yo‘l oldi. Darya Solovyovaning so‘zlariga ko‘ra, hukumat vakili buzish to‘g‘risidagi qarorni ko‘rib, buzilgan va hali buzilmagan uylar egalari hamda shahar hokimiyati vakillari bilan uchrashish uchun Yangiyo‘lga borishga qaror qildi. 7 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi vakili bilan aholi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

«Hokim dedi: ha, buzishni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror bor (to‘g‘ri u haqda hech kim bizga aytmadi). Yana u oldi-sotdi va propiskaga taqiq allaqachon olib tashlanganini ma’lum qildi. Kechqurun [buzish bekor qilingani to‘g‘risidagi] qarorni olib kelishdi», — dedi Darya Solovyova.

8 avgust kuni odamlar propiska ochilgan-ochilmaganini tekshirish uchun pasport stoliga borishdi. U yerdagilar hokim taqiqni olib tashlamagani, oldi-sotdi va propiska hali ham taqiqda ekanini ma’lum qiladi.

«Gazeta.uz» izoh olish uchun Yangiyo‘l hokimiyati bilan bog‘lana olmadi.

113 va 115-uylarning buzilishi to‘g‘risidagi qaror

Buzishni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorga ko‘ra 103 va 105-uylar aholi bilan kelishilgan holda Yangiyo‘l hokimi qarori asosida buzilgan. Hozirda ular o‘rniga ikkita «zamonaviy besh qavatli uy» qurilishi boshlangan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev aholi va tadbirkorlarning mulklari ommaviy ravishda buzib tashlangani sababli bir qator viloyatlar hokimlarini tanqid qildi. 5 avgust kuni prezident fuqarolar va tadbirkorlarning mulkka egalik huquqini so‘zsiz ta’minlash to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi.