Obodonlashtirish, qurilish ishlari xususiy mulk daxlsizligiga putur yetkazmasligi, odamlarning e’tirozlariga sabab bo‘lmasligi kerak, deyiladi O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining O‘zAda e’lon qilingan maqolasida.

Uning fikricha, ko‘chmas mulklarni davlat va jamiyat ehtiyoji uchun, degan asos bilan buzish ishlari olib borilishida har doim ham qonunchilik talablariga rioya etilmayotganligi bugungi kunning eng og‘riqli masalalaridan biriga aylandi.

«Jamoatchilik buning oldini olish borasida qancha harakat qilmasin, buzish haqida qaror qabul qilish yoki uni to‘xtatish vakolati mahalliy hokimlar ixtiyorida qolmoqda. Ular ko‘p hollarda qonun, farmon va hukumat qaroridagi talablarga e’tibor bermay, old- orqaga qaramagan holda buzish ishlarida jonbozlik ko‘rsatmoqdalar», — deyiladi maqolada.

Deputat jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulklarini faqat sud tartibida, sudning yakuniy qarori asosidagina buzishga yo‘l qo‘yish mumkinligini qonunlarda aks ettirish, hokimlarning ushbu vakolatlarini bekor qilish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. «Shuningdek, normativ-huquqiy hujjat hisoblanmagan turli protokol va bayonnomalar orqali fuqarolarning ko‘chmas mulklariga daxl etish masalasiga ham qat’iy taqiq qo‘yish zarur».

Tadbirkor yoki fuqarolar ko‘chmas mulklarini buzish yoki to‘xtatish masalasida sud protsessi mavjudligi, qarordan qoniqmagan hollarda apellyatsiya, nazorat tartibida shikoyat keltirish kabi bir qator muddatlarni talab etadigan vaqt ichida o‘z da’volarini ochiq, jamoatchilik oldida, tegishli advokatlar ishtirokida himoya qilishga imkoniyat yaratiladi.

«Sud va hokimlik o‘rtasidagi asosiy farq ham shunda: ayrim hollarda hokimliklar topshiriqni o‘z muddatida bajarish bahonasida „snos“ masalasida odamlarni eshitib ham o‘tirmayapti, sud esa o‘z muddatida va tartibga rioya etgan holda eshitishga majbur», — deyiladi maqolada.

Deputat sudlar jur’atni yig‘ib, o‘zlarini qo‘lga olishlari va turli ta’sirlardan himoyalanishning kollektiv yechimiga kelishlari zarurligini qo‘shimcha qilib o‘tdi. «Ularning mustaqilligi, jur’ati ortishi va „buyurtma“ bajarmay ishlashlari uchun yana qanday kafolatlar zarurligini ochiq bildirishlari kerak».

«Ayni paytda „snos“ masalasini, qonuniy, inson huquqlarini poymol etmagan holda sudning adolatli qarorisiz hal etishning boshqa evolyutsion va demokratik yo‘li yo‘q, nazarimizda», — deya ta’kidladi Rasul Kusherbayev.

Shu bilan birga, sudlarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligi va ochiqligini oshirish, barcha ochiq sud jarayonlarida ommaviy axborot vositalari va faollarning moneliksiz kuzatish imkoniyatini yaratib berish ham muhim masalalar qatorida turibdi. Sudlar jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari adolatni tiklash, masalani hech bir tomonga og‘ishmay teng sharoitda yechim topishida ko‘makchi ekanligini his etishlari kerak, dedi u.