«Toshshahartransxizmat» AJ o‘z tasarrufidagi yo‘nalishlarda qatnayotgan avtobuslarning sanitariya holatlarini yanada yaxshilash maqsadida jamoat transporti vositalarini bir kunda 2 marta yuvish va tozalash ishlarini yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Buning uchun avtobus saroylari tomonidan guruhlar tashkil etildi. Ular tushlik vaqtida shohbekatlarda to‘xtagan avtobuslarni 5−10 daqiqa davomida yengil tozalab beradilar. Asosiy yuvish ishlari esa kechqurun avtobus yo‘nalishdan qaytgach avtosaroyda amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda «Toshshahartransxizmat» AJ mutasaddilari aziz yo‘lovchilarimizdan avtobuslarda yurganda tozalikka rioya etishlarini, transport vositalarini asrab-avaylashlarini so‘rab qoladi. Bu orqali ular jamoat transporti ko‘p yillar davomida benuqson xizmat qilishiga hissa qo‘shgan bo‘lishadi, deyiladi xabarda.