O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida 1 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida yuz bergan voqea haqida e’lon qilingan xabardagi ma’lumotlar haqiqatga nechog‘li mos kelishi va bu ayollarning huquqlarini muhofaza etish, muammolariga hududdagi rahbarlar bilan birgalikda yechim izlash maqsadida 7 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib qaytdi. Bu haqda Xotin-qizlar qo‘mitasi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar xizmati xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 5 avgust kuni soat 11:08 dawww.asiaterra.info saytining Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida 1 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida — Ivan Savitskiy nomidagi muzey ro‘parasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Tileo‘biyke Uldasheva hamda Perizat Begjanova bugungi tizimdan, Qoraqalpog‘istondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatdan norozi bo‘lib kelishilmagan namoyishga chiqqani va buning ortidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ularga hamda piketni tasvirga olmoqchi bo‘lgan boshqa fuqarolarga nisbatan bosim ishlatilgani haqida xabar joylashtirildi.

Natijada qisqa vaqt mobaynida ijtimoiy tarmoqda «V Nukuse na ploadi Svobodы razognali aksiyu protesta» sarlavhali mazkur maqola qahramonlariga achinish va ularni yoqlovchi, mamlakat rahbariyati hamda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi sha’niga dog‘ tushiruvchi 25 ta izoh va 125 ta layk hamda dizlayk qoldirilgan. Ushbu xabar 200 ga yaqin internet foydalanuvchisi tomonidan ulashilgan.

Voqeani o‘rganish jarayonida shikoyatchi Tileo‘biyke Uldasheva ijtimoiy-maishiy muammolari anchadan buyon hal etilmayotganini aytib, yordam so‘radi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ishtirokida hudud rahbarlari bilan o‘tkazilgan suhbatda uning uy-joy masalasidagi shikoyati yuzasidan Nukus shahar hokimi P. Tureshevga arizachiga joylashtirilgan uyida yashashi uchun order berish vazifasi topshirildi. T. Uldashevani ish bilan ta’minlash va farzandini musiqa maktabiga joylash masalalari bo‘yicha esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri D. Xodjiyevga uni tibbiyot birlashmasiga farrosh sifatida ishga qabul qilish, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Nukus shahar kengashi raisi v.v.b P. Qazakbayevga uning farzandini musiqa maktabiga joylashtirish topshirig‘i berildi. Arizachining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi ekani va shu maqsadda o‘zini bo‘sh bino bilan ta’minlash borasida yordam ko‘rsatishlari to‘g‘risidagi iltimosiga yechim topish vazifasi Nukus shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G. Abibullayevaga topshirildi.

Fuqarolar Perizat Begjanova hamda Gulparshin Qoshanova o‘z muammolari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi hududga kelguniga qadar mas’ullar tomonidan hal etilganini bildirib, tegishli mutasaddilarga minnatdorlik izhor qildilar.

Shu kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova yana yigirma nafarga yaqin ayollarning dardlari, arzlari va shikoyatlarini eshitib, ularning huquqlarini ta’minlash, ko‘mak berish bo‘yicha hamkorlikda amaliy ishlarni olib bordi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi mazkur topshiriqlarning ijrosini kuzatib boradi.