Shahrisabzning YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qismida amalga oshiriladigan qurilish loyihalari YUNESKO Umumjahon merosi markazining faqat ijobiy xulosasi olingandan so‘ng amalga oshiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining «2019−2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topgan.

Hujjat bilan olti yo‘nalish bo‘yicha 157 ta investitsiya loyihasidan iborat ro‘yxat tasdiqlandi. Ular orasidan 64 ta loyiha xizmat ko‘rsatish sohasida bo‘lib, qiymati 313,8 mlrd so‘mni tashkil etadi. 304 mlrd so‘mlik 24 ta loyiha esa sanoat, 133,5 mlrd so‘mlik 28 ta loyiha — muhandislik-kommunikatsiya yo‘nalishida. Loyihalarning umumiy qiymati 867,6 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Iyul oyi boshida Shahrisabz 2016 yilda YUNESKO tomonidan kiritilgan xavf ostidagi Umumjahon merosi ro‘yxatida qoldirildi. O‘zbekiston ikki yil muddatda shaharni qayta qurish rejasi loyihasini ishlab chiqish majburiyatini zimmasiga oldi.

Shahrisabzning tarixiy qismi 2000 yildan ziyodroq tarixga ega bo‘lib, 2000 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan edi. Shahar markazida me’moriy yodgorliklar va qadimgi mavzelar joylashgan bo‘lib, ular XIV — XV asrlardagi Temur va temuriylar boshqaruvi davriga taalluqli.