Yarim yil davomida Suriyaning shimoli-sharqida MDHga a’zo davlatlarning 2000 nafarga yaqin fuqarolari qo‘lga olindi. Yil boshidan buyon ularning 524 nafari, qariyb barchasi ayollar va bolalar, Qozog‘istonga, 156 nafari — O‘zbekistonga va 84 nafari — Tojkistonga repatriatsiya qilindi. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning ISHID tomonidan xalqaro dunyo va xavfsizlik uchun yaratilayotgan xavflar to‘g‘risidagi hisobotida so‘z boradi, deya xabar qildi BMT Yangiliklar markazi.

Hisobotda qayd etilishicha, markaziy osiyolik jangarilar soni avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada qisqargan bo‘lsa ham, ularning Suriyaga, Afg‘onistonga yetib olishga urinishlari to‘xtagani yo‘q. 2012 yilda O‘zbekiston va Tojikistondan 1500 jangari terroristik guruhlarga qo‘shilgan bo‘lsa, ularning 45 foizi hamon tirik.

«Internetda Markaziy Osiyo xalqlari tillarida tashviqot materiallarining tarqalishi mojarolar sodir bo‘layotgan hududlarga yo‘l olish, pul yig‘ish va mintaqa mamlakatlarida yashirin guruhchalarning tashkil etilishiga xizmat qilmoqda. Mintaqaning [BMTga] a’zo davlatlari yangi jangarilar va terroristlar tarafdorlarining paydo bo‘layotgani, yollangan jangarilarga o‘z mamlakatlarida qolishga buyruq berilayotganidan xavotirda», — deyiladi BMT bosh kotibi hisobotida.

Joriy yilda mintaqa mamlakatlarining maxsus xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma operatsiyalarda 26 nafar ISHID a’zosi qo‘lga olindi, ularning ayrimlari vataniga qaytgan terroristlardir, deya xabar qildi Antoniu Guterrish.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistonning shimoliy hududlarida vujudga kelgan terroristik xavfdan hamon xavotirda. U yerdagi markaziy osiyolik guruhlar afg‘on-tojik chegarasi orqali giyohvand moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy to‘dalar bilan hamkorlik qilmoqda va ushbu yo‘nalishdan jangarilarni Markaziy Osiyoga yuborishda foydalanmoqda, deyiladi hisobotda.