Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat O‘zbekiston jamoasi Xalqaro armiya o‘yinlarining Rossiyaning Moskva viloyatidagi «Alabino» dala-o‘quv maydonida o‘tkazilayotgan «Tank bitaloni» musobaqalarida qatnashmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Beshinchi xalqaro armiya o‘yinlarining diqqat markazida turgan «Tank biatloni» musobaqasi borgan sari qizg‘in tus olmoqda. Kecha, 6 avgust kuni ikkinchi ekipaj a’zolari o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.

Mazkur bosqichda ham T-72 B-3 tankini boshqarish, to‘siqlardan o‘tish, belgilangan nishonlarni yakson qilish va imkon qadar qisqa muddatda finish chizig‘iga yetib kelish vazifasi yuklatildi. Bu gal O‘zbekiston sharafini katta leytenant Muhiddin Nuriddinov boshchiligidagi ekipaj a’zolari himoya qildi. Ta’kidlash joizki, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar tarixda ilk bor «Tank biatloni» musobaqasida ishtirok etmoqda.

Bugungi bahsda O‘zbekiston vakillari oldingi jamoaga nisbatan ancha yaxshi natija ko‘rsatdi. Umumiy hisobda ekipaj mexanik haydovchisi kichik serjant Avazbek Mustafoqulov T-72 B-3 tankini 73 km/soat tezlik bilan har bir to‘siqdan betalafot olib o‘tdi.

Shunday qilib katta leytenant Muhiddin Nuriddinov boshchiligidagi ekipaj avvalgi ekipajga nisbatan 1.30 daqiqa tezroq farq bilan finish chizig‘iga yetib keldi. Ushbu bellashuvda ham O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida hamon birinchilikni qo‘ldan boy bergani yo‘q.

— Musobaqada tezlik jamoa g‘alabasi uchun eng muhim jihatlardan biri hisoblanadi va bu tezlikni nazorat qilish, to‘siqlarga yaqinlashgan payt undan to‘g‘ri maqsadda foydalana olish o‘ta mas’uliyatli ish, — deydi ekipaj mexanik haydovchisi kichik serjant Avazbek Mustafoqulov. — «Tank biatloni» jamoaviy musobaqa bo‘lgani bois unda jipslik, birdamlik va ahillik muhim ahamiyatga ega. Men ishonaman: mana shu narsalarning barchasi bizning jamoamizda bor.

Eslatib o‘tamiz, «Tank biatloni» musobaqasining ikkinchi guruhida jami 11 ta jamoa ishtirok etmoqda. O‘zbekiston jamoasi ishtirokidagi keyingi bahslar 8 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.