6 avgust kuni taxminan 21:30 da Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Mustaqillik ko‘chasi «Pushkin» metrosi yaqinida uch avtomobil ishtirokida jiddiy YTH sodir bo‘ldi. Hodisa sodir bo‘lgan uchastkada bir qancha vaqt davomida harakat cheklandi.

Poytaxt IIBB matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, qurbonlar yo‘q. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, xorij avtomobilining 33 yoshli haydovchisi Sh. J. boshqaruvni yo‘qotib, ikkita yengil avtomobil bilan to‘qnashgan. YTH sabablari o‘rganilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan Nissan GT-R35 avtomobilining old qismi pachoqlanganini ko‘rish mumkin. Spark esa ajratib turuvchi to‘siqdan oshib, qarama-qarshi tomonga o‘tib ketgan va chiroq ustunini qiyshaytirgan. Yana bir mashina — Matiz yo‘l chetidagi piyodalar yo‘lagini ajratib turuvchi to‘siqqa urilgan.

«Gazeta.uz» axborot manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, 21:45, 21:55 va 22:00 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga uch nafar jabrlanuvchi olib kelingan. Matiz haydovchisining ahvoli og‘ir ekani va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Axborot manbalarining so‘zlariga ko‘ra, jarohat olgan shaxslarning ikki nafari huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari hisoblanadi.

Hodisa joyiga borgan «Gazeta.uz» muxbiri YTH oqibatlarini suratga tushirdi.

YTH sodir bo‘lgan joyda asosan haydovchilar tomonidan tezlikning oshirilishi sababli tez-tez avtomobillar to‘qnashuvlari sodir bo‘lib turadi.