Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi «Shoyzoq ota» fermer xo‘jaligida 25 gektar maydonda Porloq-4 g‘o‘za navida biostimulyatorlar, bioo‘g‘itlar va himoya vositalari orqali «Personallashtirilgan» qishloq xo‘jaligini qo‘llash bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, g‘o‘zaning alohida navlari ustida keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilib, tadqiqotlar natijasida ushbu navlar uchun mukammal agrotexnik tadbirlar ishlab chiqish hamda navning yuqori potensial hosildorligiga erishish ustida ishlanmoqda.

Ekin maydonida tanlab olingan navning tuproq-iqlim sharoitlari, harorat, suv rejimlari, turli kimyoviy-biologik o‘g‘itlarga bo‘lgan talablarini o‘rganilmoqda va biostimulyatorlar, turli himoya vositalari, gerbitsidlarga javob reaksiyasi kuzatilib, turli xil sifat va miqdoriy belgilarini yaxshilovchi genlarning genetik potensiali aniqlanmoqda. Tajriba natijalari asosida kelgusida navlar muayyan reja bo‘yicha joylashtiriladi hamda barcha agrotexnik chora tadbirlarning muddatlari belgilanadi.

Ushbu loyiha doirasida Porloq-4 g‘o‘za navi urug‘lik chigitlari o‘sish va rivojlanishni tezlatuvchi biopereparatlar bilan qayta ishlanib ekildi. Dastlabki kuzatuvlarga ko‘ra biopreparatlar bilan ishlov berilgan dala maydonlarida ko‘chatlarning o‘sish va rivojlanishi hamda hosilga kirishi jadallashgan.

Hozirda kuzatuv tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda va kelgusida yuqori hosil olish kutilmoqda. Genomika va bioinformatika markazi olimlari boshqa qishloq xo‘jaligi ekin turlariga ham «Personallashtirilgan» qishloq xo‘jaligini tatbiq etib, hosildorlikni oshirishni maqsad qilgan.

Mana shunday tadqiqotlar — genlarning imkoniyatlarini ochish va qishloq xo‘jaligini personallashtirish natijalari bugungi kunda o‘z samarasini bermoqda. «Porloq» turkumidagi «Porlok-1» navi Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida va Namangan viloyatining Pop tumanida, «Porloq-3» Namangan viloyatida hamda «Porloq-4» navi Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yetishtirilmoqda va ayni kunlarda, mana shu navlar ekilgan maydonlarda g‘o‘za ko‘saklarining ochilganini kuzatish mumkin.


«Porloq» turkumidagi paxta navlari qurg‘oqchilikka, sho‘rlangan tuproq sharoitiga chidamliligi bilan bir qatorda tolasi uzunligi, demakki, sifatliligi bilan ajralib turadi. Bunday uzun tolali paxta navlari avvallari faqat Misrda bo‘lgan, lekin Misr g‘o‘za navini yetishtirish uchun 270 kun kerak bo‘ladi. «Porloq» turkumidagi navlar esa genetik jihatdan shunday o‘zgartirilganki, u ekilganidan so‘ng 90−100 kun ichida ochiladi. Bu o‘zimizning olimlar tomonidan yaratilgan navni, deylik, bug‘doydan bo‘shagan yerlarga ham ekish imkonini beradi. Xuddi shunday tajriba o‘tgan yili Navoiy viloyatida amalga oshirilgandi. Bug‘doydan bo‘shagan yer maydoniga ekilgan paxta oktyabrda ochilgan edi.