O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan 6 avgust kuni ikkinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasi jarimalarni 15 kun ichida to‘laganlarga 30 foizlik chegirma taqdim etishni ko‘zda tutadi. Bu bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi modda kiritilmoqda, deya xabar qildi Qonunchiik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida.

Kodeksga yangi kiritilayotgan 332−1 moddaga ko‘ra:

  • ma’muriy jarima sud tomonidan tayinlanganda;
  • jarima solish to‘g‘risidagi qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest berilganda;
  • huddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda ushbu tartib qo‘llanilmaydi.

O‘tgan davrda ichki ishlar organlari tomonidan solingan jarimalarning ixtiyoriy ravishda to‘langan ko‘rsatkichlari baland emasligi ma’lum bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2017 yilda 43 foizni, 2018 yilda esa 55 foizni tashkil etgan.

Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida (Angliya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi) huquqbuzar jarimaning 70 yoki 50 foizini qonunchilikda belgilangan muddatda (joyning o‘zida yoki 7, 15, 20 yohud 21 kunda) to‘lasa jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi belgilangan.

Ushbu qonun loyihasi qabul qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi hamda mazkur qonun kuchga kirgandan so‘ng chiqarilgan jarima solish to‘g‘risidagi qarorlarga tadbiq etiladi.

«Yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq jarimalarni to‘lash masalasi fuqarolarni nisbatan ko‘proq bezovta qilishini inobatga olib, kemeralar bilan bog‘liq jarayonda muammolar kelib chiqmasligi uchun loyiha ustida ko‘proq tortishishga to‘g‘ri keldi», — dedi deputat.