O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi (MTV) 2019/2020 o‘quv yilidan qayta jihozlangan Isuzu HC 40 avtobuslari bazasida amalga oshiriladigan mobil maktabgacha tashkilotlar loyihasi haqida ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, ta’limning muqobil shakllarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha qaror loyihasi 30 iyul kuni jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan edi. Mobil guruhlarga maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan 3−7 yoshdagi bolalarni qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, mamlakatning olis tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar tez-tez maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT) yo‘qligidan shikoyat qilib turadi. Vazirlik byudjeti cheklangani bois MTTlar ochish uchun bolalar soni ko‘proq bo‘lgan joylarni tanlashga to‘g‘ri keldi. Ishchi guruhlar tahlillari hududlarda binolar ajratish muammoni hal qilmaydi.

«Shunday tumanlar borki, u yerlarda uylar bir-biridan uzoqda joylashgan. Statsionar nuqta faqatgina 3 km radiusdagi bolalarni qamrab olishga imkon beradi, bu — juda kam. Bundan tashqari, ota-onalarga farzandlarini har kuni MTTga olib borish qiyin, axir har kimda ham transport bor emas. Boshqa muammo shundaki, tog‘li hududlarda zarur kommunikatsiyalarni joylashtirish imkonsiz. Albatta, MTV bolalar isitish, suv va kanalizatsiya bo‘lmagan joylarda maktabgacha ta’lim tashkilotini ochmaydi», — dedi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Shunday qilib, ixtisoslashgan avtobuslar yaqin istiqbolda maktabgacha tashkilotlarni qurish qiyin bo‘lgan murakkab sharoitli joylarga maxsus yo‘nalish bo‘yicha harakatlanadi. Avtobuslar konditsionerlar, quyosh panellari, biotualetlar, o‘yinchoqlar, rivojlantiruvchi va ta’limiy materiallar bilan ta’minlanadi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tajribasi Shvetsiya, Yangi Zelandiya va Hindistonda qo‘llanilmoqda, deya qo‘shimcha qildi MTV rahbari.

Har bir avtobus uchun tarbiyalanuvchilar piyoda bora oladigan joylarda qumli, arg‘imchoqlari, o‘yin maydonchalari bo‘lgan uchtadan avtoturargoh barpo etiladi.