«Yuksalish» umummilliy harakati «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bilan hamkorlikda maxsus Jamoatchilik onlayn platformasini ishga tushirdi. Platforma fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan taklif, masala va muammolarga imkon qadar tezkorlik bilan munosabat bildirish va hal etish uchun va shu orqali ularning davlat organlari bilan samarali muloqot o‘rnatish mexanizmini yaratish maqsadida ishlab chiqildi.

«Platforma o‘z oldiga fuqarolar va keng jamoatchilikning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardagi ishtirokini kengaytirish, ularni davlat va jamiyat boshqaruviga faol jalb qilish, shuningdek davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ularning aholi oldida hisobdorligini yanada oshirish kabi maqsadlarni qo‘ygan», — deyiladi harakat matbuot xizmati xabarida.

Mazkur platforma orqali ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda fuqarolarning ishtirokini kengaytirish, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlari hamda davlat organlarining boshqa qarorlarini ishlab chiqish va takomillashtirish bo‘yicha takliflari qabul qilib boriladi.

Platforma fuqarolarga jamiyat hayotida sodir bo‘layotgan dolzarb voqea va hodisalar yuzasidan davlat idoralari rahbarlarini tezkor xabardor qilish, soha va hududlarni rivojlantirishga qaratilgan takliflarni taqdim etib borish imkonini beradi.

www.jamoatchilik.uz veb-sayti xizmatlaridan foydalanish barcha uchun ochiq va bepul.

Qabul qilinadigan xabar turlari:

Qonunchilik, davlat va hududiy dasturlarga takliflar

Dolzarb voqea va hodisalar yuzasidan tezkor xabarlar

Foydalanuvchilar tomonidan taqdim etilgan xabarlar veb-saytda e’lon qilinadi va barcha jarayonlar keng jamoatchilik uchun ochiq hisoblanadi. Har bir taklif tegishli mas’ullar tomonidan o‘rganilib, ularning natijalari jamoatchilikka e’lon qilib boriladi.

Bundan tashqari, platforma dolzarb masalalar yuzasidan jamoatchilik fikri so‘rovlarini o‘tkazishga ham xizmat qiladi. Eng yaxshi taklif mualliflari va faol ishtirokchilar rag‘batlantirilishi rejalashtirilgan.

Platforma faoliyati natijalari har chorakda keng jamoatchilik va mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida o‘tkaziladigan hisobot uchrashuvlari davomida tahlil qilinadi. Hisobot uchrashuvlari teleko‘rsatuv shaklida tashkil etilib, unda platformaning faol foydalanuvchilari hamda eng yaxshi takliflar mualliflari ishtirok etadi. Jarayonlar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritiladi.

2018 yilning aprelida O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Mening fikrim jamoaviy elektron murojaatlar portali ishga tushirilgan edi. U fuqarolarga muhim masalalar bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirish uchun maydoncha sifatida taqdim etildi.