O‘zbekiston bolalarini maktabgacha ta’limga qamrab olish darajasi birinchi yarim yillikda 40,5 foizga yetib, 1,1 mln bolani tashkil etdi. Bu haqda juma kuni 2030 yilgacha Maktabgacha ta’limni rivojlantirish konsepsiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin ma’lum qildi. Yil boshidan buyon o‘sish 2,8 foizni tashkil etdi. Yil oxirigacha esa bu ko‘rsatkichni 44,5 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilgan 2017 yilda maktabgacha ta’limga qamrab olish darajasi 27 foiz bo‘lib, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 2,54 mln bolani qamrab olgan edi. Mamlakatda 4940 ta davlat va 269 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti (MTT) faoliyat olib borgan.

Joriy yil boshida O‘zbekistonda 7500 dan ortiq MTT, shu jumladan 3400 ta nodavlat (783 tasi xususiy, 2000 dan ortiq oilaviy, 419 ta davlat-xususiy sherikchilik asosida) ro‘yxatga olindi.

Bugungi kunda maktabgacha ta’lim tizimida 80 mingdan ortiq pedagog (2017 yilda — 51 ming) mehnat qilmoqda. Olti yoshdagi bolalarni 2021 yilgacha bir yillik majburiy maktabgacha ta’limga to‘liq qamrab olish uchun pedagoglar soni 110 mingdan oshishi lozim, dedi vazir.

Shu munosabat bilan 97 ta pedagogika kollejlari to‘liq MTV tarkibiga o‘tkazilmoqda. Barcha pedagogika OTMlarida maktabgacha ta’lim bo‘yicha kvotalar oshirildi. Toshkent davlat pedagogika universitetida kechki ta’lim fakulteti ochilib, 125 nafar talaba qabul qilinadi. 476 talaba Toshkentdagi Puchon universiteti filialida tahsil olmoqda. Yangi o‘quv yilida ushbu yo‘nalishdagi kvota 590 o‘rinni tashkil etadi.

Vazirlik mudiralarni sertifikatlashni joriy etishni rejalashtirmoqda, dedi MTV MTT faoliyatini muvofiqlashtirish, tahlil qilish va strategik rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Yelena Ten. Ular boshqarish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim, shuningdek, lavozimlari direktor deb ataladi.

Agrippina Shin so‘zlariga ko‘ra, 29 iyul kuni hukumat maktabgacha ta’lim to‘g‘risidagi qonun loyihasini tasdiqladi. Unda bola tug‘ilgandan 7 yoshgacha davrda maktabgacha ta’limni olish huquqiga ega bo‘ladi.

Davlat MTTlariga 3 yoshdan bolalarni qabul qilishdagi cheklov haqida so‘zlar ekan, vazir maktabgacha ta’lim o‘ziga bolani maktabga tayyorlash vazifasini olishini ta’kidladi. Xususiy MTT va DXSH asosidagi MTTlarga 2 yoshdan bolalarni qabul qilishga ruxsat berilgan.

Agrippina Shin MTV hozirda ixtisoslashtirilgan MTTlarni takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqayotganini ma’lum qildi. Ular soni bugungi kunda mamlakat bo‘ylab 178 tani tashkil etadi. Bolalar tibbiy-pedagogik-psixologik komissiya yekshiruvidan so‘ng IMTTlarga qabul qilinadi.

«Mazkur yo‘nalishda o‘rganishlarni boshlaganimizda, hayratlanarli vaziyatlarga duch keldik. Muayyan imtiyozlarga ega bo‘lgan ushbu maxsus bolalar bog‘chalarida bolalar soni 10−12 nafarni, pedagoglar esa ko‘proqni tashkil etsa, faqatgina 25 foiz bolalar ushbu yo‘nalishga ehtiyoj sezgan», — dedi u.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, imtiyozlar sababli kichik va katta guruhlarda tarbiyalanuvchilarning ko‘pchiligining ota-onalari farzandlarini aynan ixtisoslashgan MTTlarga topshirishni ma’qul ko‘rgan, yordamga muhtojlar esa navbat kutib qolavergan. Avvalroq ayni shu masaladagi xabarimizda MTV Toshkentning to‘rtta tumanida o‘tkazgan tekshiruvlarda aksariyat IMTTlardagi bolalarning sog‘lom ekanini aniqlaganini ma’lum qilgan edik.