Yanvardan 5 avgustga qadar Samarqand viloyatida 29 ta qizamiqqa chalinish holati qayd etildi, gumonlangan jami holatlar esa 419 tani tashkil etdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Samarqand viloyatida qizamiqqa chalinishga asosiy sabab — qizamiq virusining xorijdan tashib keltirilishidir, deya qayd etdi SSV. Qizamiqni bartaraf etish va kelgusida tarqalishining oldini olish uchun bemorlar bilan aloqaga kirishgan 11,1 ming kishi emlandi. O‘lim holatlari qayd etilmadi.

Avvalroq mahalliy va xorijiy OAVda Samarqandda qizamiq epidemiyasi tarqalgani xabar qilingan edi. «Samarkandskiy vestnik» nashri viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga tayangan holda qizamiqqa chalingani gumon qilinayotgan 391 bemor, kasallik tasdiqlangan 31 ta holat haqida xabar qildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekistonga qizamiq xorijdan tashib olib kirilganini tasdiqlamoqda, deyiladi xabarda. 2018 yilda mamlakat bo‘ylab 22,3 ming kishi qo‘shimcha ravishda elangan edi.

SSV 2017 yilda O‘zbekiston qizamiq va qizilcha kasalliklaridan holi hudud to‘g‘risida JSST sertifikatini olganini eslatib o‘tdi. Unga ko‘ra, mamlakat uchun har yuz ming aholiga 2 ta qizamiqqa chalinish holatining tasdiqlanishi indikator ko‘rsatkich hisoblanadi.

«Bugungi kunda bizda bunday ko‘rsatkich kuzatilgani yo‘q. Ayni vaqtda mamlakatga qizamiqdan holi hudud maqomini saqlab qolish uchun barcha choralarni ko‘rish taklif etilmoqda», — deya qayd etdi SSV.

Qizamiqning keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun vazirlik qo‘shimcha ravishda 100 ming doza qizamiq vaksinasi bilan ta’minlandi. Ushbu vaksinalar bilan joylarda bemorlar bilan aloqaga kirishgan shaxslar emlanadi. Shuningdek epidemiologik nazorat kuchaytirilgan.