Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan «Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti» keng jamoatchilikni e’tirozlari va muhokamasiga sabab bo‘lgan edi. Shu bois, ma’muriy reglamentga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabar berdi.

Muhokamalar joriy yilning 5 avgustida yakunlanganidan so‘ng hujjat loyihasini yanada takomillashtirish maqsadida mutaxassislar tomonidan ota-onalarning bildirilgan takliflari o‘rganilmoqda. Ayni vaqtda asosli takliflar inobatga olinib, tasdiqlash uchun tayyorlanmoqda.

Hurmatli ota onalar!

Shuni alohida ta’kidlash joizki, 81 ta umumta’lim muassasasida hozirgi kunda o‘quvchilar soni sig‘imiga nisbatan 2−3 barobar ortib ketganligi, sanitar-gigiyenik me’yorlarga mos kelmasligi, o‘quvchilar 2−3 smenada ta’lim olishlari, sinflarda o‘quvchilar soni 45−50 nafarga yetib kelganligi bois, ushbu maktablarda o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha reglament ishlab chiqilgan edi. Mazkur maktablar Toshkent shahridagi barcha maktab yoshiga yetgan o‘quvchilarni qamrab olish imkoniyatiga ega emas. Ushbu maktablarda qo‘shimcha kvota ularning qabul qilish imkoniyatidan kelib chiqib belgilanadi, barcha maktablarda ham qo‘shimcha kvota belgilanmasligi mumkin. Chunki 81 ta umumta’lim muassasalarining aksariyatida maktab quvvati mikrohududidagi maktab yoshiga yetgan bolalarni qabul qilishga yetadi. Ularda qo‘shimcha kvota uchun imkoniyati (maktab sig‘imi) mavjud bo‘lmasligi mumkin.

Endilikda loyihada qo‘shimcha kvota asosida pullik qabul bekor qilinmoqda. Bir necha bor ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar hamda vazirlikning rasmiy sayti orqali bu haqida keng jamoatchilik xabardor qilingan bo‘lsada, shu kunlarda ko‘plab ota-onalar Davlat xizmatlari markaziga qo‘shimcha kvota asosida qabul qilish masalasida murojaatlar qilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, ayni kunlarda Davlat xizmatlari markazida 70% dan ortiq ota-onalar pullik qabul bo‘yicha navbatga turishayotganligi va markaz xodimlaridan pullik qabul qilishni talab qilishmoqda.

Vazirlik ota-onalarga yana bir bor rasman qo‘shimcha kvota pullik asosida amalga oshirilmasligi haqida ma’lum qiladi. Xalq ta’limi vazirligi aholidan Davlat xizmatlari markaziga qo‘shimcha kvota pullik qabul uchun navbatga turmasliklarini, o‘zlarining biriktirilgan mikrohududdagi maktablarga yoki davlat xizmatlari orqali qabul jarayonlari amalga oshirilmaydigan Toshkent shahridagi boshqa 228 ta maktablarning biriga joylashtirishni tavsiya etadi.

Bugungi kunda Davlat xizmatlari markazi orqali qabul qilinmaydigan Toshkent shahrida 228 ta maktabda qabul jarayonlari davom etayotganligini, ularga 36473 nafar o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan va bugungi kunga qadar 12 469 nafar o‘quvchi o‘rni mavjud.

Qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha qabul boshlanishi bilan bog‘liq yangiliklar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan rasmiy veb sayti (www.uzedu.uz), ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari (@uzedu) va ommaviy axborot vositalariga e’lon qilinadi, deyiladi xabarda.