Promadik Invest kompaniyasi «Kapitalbank"ning 36 foiz aksiyasini sotib oldi. «Toshkent» Respublika fond birjasi ma’lumotlari bu haqda guvohlik bermoqda. 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan kelishuvga Spot nashri e’tibor qaratdi.

E’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, kompaniya 40 million 135 ming 986 dona aksiyasiga ega bo‘ldi. Bunga qadar 18 foiz aksiya Optima Leasing, 10 foiz aksiya East West Invest va 7 foiz aksiya Kapital Sug’urta va Express Leasing kompaniyalariga tegishli edi. 58 foiz aksiyalar egasi sifatida «aksionerlar» ko‘rsatilgan.

Bank kuzatuvchilar kengashi tarkibidan Promadik Invest vakili Aleksey Faritovich Gubaydulin nomi o‘rin olgan.

Korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, Promadik Invest kompaniyasi 2007 yilda tashkil etilgan. Ustav fondi — 399 mln so‘m. Asosiy faoliyat turi sifatida qishloq xo‘jaligi texnikalari ijarasi va lizingi ko‘rsatilgan. Kompaniyaning 95 foiz aksiyalari Oybek Botirovich Tursunov, 5 foiz aksiya esa Ismoil Fozilovich Murodovga tegishli.

«Kapitalbank» — O‘zbekistondagi xususiy tijorat banklaridan biri. 2004 yilda u «Aviabank» bilan birlashib, aksionerlik tijorat bankiga aylangan. Bank boshqaruvi raisi — Kim Oleg Romoaldovich.