Joriy yil Anqarada O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari raisligida Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 5 avgust kuni Anqarada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘lu raisligida bo‘lib o‘tgan Qo‘shma strategiyani rejalashtirish guruhining birinchi yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Davlat rahbarlari yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida vazirlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollarini batafsil muhokama qildilar.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an kengashini tuzish to‘g‘risida 2018 yil aprelida Toshkentdagi uchrashuvda kelishilgan edi.

Tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari uchrashuvida turli daraja va shakllardagi O‘zbekiston — Turkiya muloqotining jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 22−23-iyul kunlari Anqarada bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Turkiya Hukumatlararo komissiyasi yig‘lishining samarali yakunlarini e’tirof etildi. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikda markaziy o‘rinni savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalari egallashi ta’kidlandi.

2018 yil yakunlariga ko‘ra ikki mamlakat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 40,5 foizga oshib, 2 mlrd 172 mln dollarini tashkil etdi. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatlar o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi esa 1 mlrd 142,7 mln dollarni tashkil etib, 2018 yilning shu davriga nisbatan 22 foizga oshdi. Turkiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 50 foizga oshib, 1081 taga yetdi.

Delegatsiyalar rahbarlari madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratdilar. Turkiya tomoni Samarqandda o‘tkaziladigan «Sharq taronalari» XII Xalqaro musiqa festivaliga va Qo‘qon shahridagi Sh Xalqaro hunarmandchilik festivaliga taklif etildi. Ikki mamlakat ilmiy va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida ikki davlat TIV rahbarlari raisligida Qo‘shma strategiyani rejalashtirish guruhining ikkinchi yig‘ilishini 2020 yilda Toshkentda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Yig‘ilish yakunida Abdulaziz Kamilov va Mavlut Chavusho‘g‘lu O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2020−2021-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturini imzoladilar. Hujjatda savdo, investitsiya, turizm, energetika, transport, xavfsizlik, ta’lim kabi dolzarb yo‘nalishlar va boshqa masalalar bo‘yicha tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazishni hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida hamkorlik qilish ko‘zda tutiladi.