4 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev El-Paso, Deyton va Chikago shaharlarida ro‘y bergan fojeali voqealarda ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jabrlangani munosabati bilan AQSH prezidenti Donald Trampga samimiy hamdardlik bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Dam olish kunlari AQSH hududida uchta ommaviy otishma sodir bo‘ldi, deya xabar qildiРИА Novosti. 3 avgust kuni El-Pasodagi (Texas) Walmart savdo markaziga bosqinchlik uyushtirildi. Otishmani sodir etgan 21 yoshli Patrik Kruzios qo‘lga olindi. 20 kishi halok bo‘ldi, 26 kishi jarohatlandi.

4 avgustga o‘tar kechasi Deytondagi (Ogayo) barlardan biri yaqinida otishma bo‘ldi. 9 kishi, jumladan 24 yoshli qotil Konnor Betts o‘ldi, 27 kishi jarohatlandi. Halok bo‘lganlar orasida uning opasi ham bor edi.

Uchinchi holat ham 4 avgust kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Chikagoda (Illinoys) jinoyatchi avtomobildan turib istirohat bog‘idagi odamlarga o‘q uzdi, 7 kishi jarohatlandi. Otishmani sodir etganning qo‘lga olingani haqida xabar qilinmadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 5 avgustda halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.