Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan monopoliyaga qarshi qonunchiligi talablarini buzilganini ma’lum qildi.

Qo‘mita axborot xizmatining xabar qilishicha, 4 aprel kuni Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimdagi barcha davolash profilaktika muassasalariga «Urganch kitob markazi» MCHJdan kitob sotib olishda faol ishtirok etishni ta’minlash so‘ralgan ko‘rsatma xatni yuborgan. Bu bilan shartnomalar tuzishda ustunlik berish, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilanishi natijasida O‘zbekiston «Raqobat to‘g‘risida"gi qonunining 12-moddasi talablarini buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Shunga o‘xshash holatga Jizzax viloyatida ham yo‘l qo‘yilgan. Xususan, Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘zining xati bilan boshqarma tasarrufidagi shifoxonalar, birlashmalar, poliklinika va QFPlari tibbiy chiqindilarni tashish hizmati bo‘yicha «Maxsus tibbiy utilizatsiya» MCHJ bilan shartnomalar tuzishga ko‘rsatma bergan. Natijada raqobatni cheklaydigan, ya’ni ayrim tadbirkorlik sub’ektlariga shartnomalar tuzishda ustunlik berish harakatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Mazkur qonunbuzilish holati tegishli tartibda qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik bo‘yicha yuborilgan ko‘rsatma ijrosi ta’minlandi. Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining qo‘shma buyrug‘ini qayta ko‘rib chiqilishiga erishildi.

Joriy yilning iyun oyidan e’tiboran qo‘mita tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligining 11 ta hududiy boshqarmalari tomonidan 37 ta holatda raqobatni cheklaydigan harakatlarni sodir etish holatlari aniqlandi.

Aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari belgilangan tartibda qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi. 9 ta viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalariga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzilish holatini belgilangan muddatda bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi, raqobatni cheklashga olib kelgan 3 ta hujjat bekor qilindi, 2 ta boshqarma tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holati ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.