4 avgust kuni soat 18:30 larda Buxoro viloyati Jondor tumani «Luqmon» MFYga qarashli cho‘l massivi hududidan o‘tuvchi A-380 xalqaro yo‘lining 299 kilometrida yo‘lovchi avtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Olmaota — Nukus» halqaro avtobus yo‘nalishida harakatlanib borayotgan Qozog‘istonning «Yug Trans Layn» avtokorxonasiga tegishli bo‘lgan VANHOOL rusumli (davlat raqami KZ 545 ARV13) avtobus baxtsiz hodisaga uchragan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida avtobusdagi 1 nafar yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan, 10 nafar yo‘lovchilar turli darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Avtobusda bo‘lgan barcha yo‘lovchilarga birinchi tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Qolgan yo‘lovchilar, voqea joyiga qo‘shimcha avtobus tashkil qilinib o‘z manzillariga yetkazilgan. Ayni damda ushbu holat yuzasidan tergov-surushtiruv ishlari olib borilmoqda.