Hukumatning tegishli topshirig‘iga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq «Chorsu» mehmonxona majmuasidan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida, mazkur ob’ektni investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan takroran ommaviy savdolarga chiqarishni ko‘zda tutgan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Avval xabar qilinganidek, 2018 yil 9 martdagi shartnomaga ko‘ra, sobiq «Chorsu» mehmonxona majmuasi «Inter Tourism» mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonaga 2017 — 2019 yillar mobaynida hukumat kafolatisiz 33,0 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali 270 o‘ringa mo‘ljallangan 4 yulduzli mehmonxona majmuasini qurish va 350 ta yangi ish o‘rinini yaratish sharti bilan sotilgan edi.

Xorijiy korxona tomonidan oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmagani sababli, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 2 iyuldagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma bekor qilingan.

Ayni damda Vazirlar Mahkamasi qarorining loyihasi tayyorlanib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.