Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov Urganchdagi «Ashxobod» mahallasi aholisi bilan uchrashib, xalqdan uzr so‘radi. Videomurojaat XorazmNews-telegram kanalida e’lon qilindi. Bundan avvalroq esa Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari hokimlarining ham buzilish ishlari olib borilayotgan joylarda xalq bilan uchrashib, aholidan rasman uzr so‘ragani tasvirlangan videolar tarqalgan edi.

«Barchamiz bilamiz, „Ashxobod“ mahallasi sanoat zonasida joylashgan, hech qanday infratuzilmasi yo‘q, eski joylar edi. Lekin biz tezroq bu joydan yaxshiroq sharoitli joyga ko‘chiramiz deb, o‘ylanmay bosgan qadamimiz natijasida „Ashxobod“ mahallamizda yashovchi aholiga nafaqat moddiy, xatta sog‘lig‘iga ham zarar keltirdik. Bugun sizlarning oldingizda turib sizlardan kechirim so‘ramoqchiman. Bunday masalalar, bunday ishlarning nimaga olib kelishini ko‘rib, bilib, afsuslanib turibmiz», — dedi viloyat hokimi.

«Bu ishlar prezidentimizning butun dunyoga eshiklarni ochib, iqtisodiyotni rivojlantirish uchun turli davlatlardan katta-katta investorlarni jalb qilgan holda, shu jumladan Xorazm viloyatida ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar soyasida bularning kelib chiqishi nafaqat Xorazm xalqimizga, balki prezidentimiz olib borayotgan siyosatga ham qarshi bo‘lib turibdi», — deya ta’kidladi Farhod Ermanov.

«Men ming afsusdaman, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaatimda bugungi kunda olib borilayotgan siyosatni sidqidildan bajarish uchun, qolaversa, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni to‘g‘ri, hamjihatlik bilan, xalq bilan hisoblashib, ishni xalqni rozi qilishdan boshlashni ma’qul ko‘ramiz», — dedi u.

«Xalqining daxlsizligini ta’minlash, uning moddiy ne’matlarini asrash viloyat hokimining to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifasi hisoblanadi. Lekin bugungi kunda biz, mening qo‘l ostimdagi odamlar bilan qilgan ishlarimiz bu talabga umuman javob bermaydi. Men yana bir marta „Ashxobod“ mahallasi, butun Xorazm xalqidan kechirim so‘ramoqchimanki, sababi, bunday ishlar nafaqat „Ashxobod“ mahallasida, balki boshqa tumanlarda ham amalga oshmaydi deb kafolat berishdan yiroqman», — deya o‘z so‘zini davom ettirdi hokim.

Viloyat hokimi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Ashxobod» mahallasida 19 gektarlik maydonda 394 ta xonadon joylashgan edi. Ulardan 78 xonadon egasi to‘liq hisob-qilinganidan so‘ng yashash uchun uylari borligini aytib, bu yerda uy qurmasligini bildirgan. 150 ta xonadonga esa namunali uy berilgan. Qolgan xonadonlar qishning sovuq kunlariga qolmasdan uylariga ko‘chirib kiritiladi. Shunday qilib, 394 ta uy o‘rniga 670 ta uy berilgani ma’lum qilindi.

«Bundan keyin qilinadigan ishlarni birinchi xalq bilan, oqsoqollar bilan bamaslahat qilaman, deb va’da beraman. Shu bilan birgalikda, bu ishlarga yo‘l qo‘ygan sanoatni rivojlantirish, qurilish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari, shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari, shahar hokimi, prokurorga hayfsan berildi. Shu kabi ishlarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga juda qattiq kurashamiz», — dedi Farhod Ermanov.

Eslatib o‘tamiz, 2 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish hamda butun respublikada ko‘chmas mulklarning buzilishiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Xorazm, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari hokimlariga buzish ishlari xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun xalqdan uzr so‘rashni topshirgan edi.