O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov va boshqa viloyatlar hokimlarini ko‘chmas mulklarni buzish ishlari bilan bog‘liq vaziyat uchun tanqid qildi. Audioyozuv «Qo‘shni mahalla» Telegram-kanalida e’lon qilindi.

«Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi xabariga ko‘ra, davlat rahbari hokimlarni 2 avgust kuni kichik biznesni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tanqid qilgan.

Tas-Ix`da audioni tinglash

Audioyozuv Farhod Ermanov tanqidi bilan boshlanadi. 27 iyul kechasi buzilgan uy-joylari uchun tovon puli to‘lanmayotganidan norozi bo‘lgan yuzlab odamlar Urganch-Honqa yo‘lini to‘sib qo‘yganэди. Vaziyatni yumshatish va hal qilish uchun keyingi kuni bosh vazir Abdulla Aripov Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.

Urganchda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bosh vazir shahar hokimi va prokuroriga hayfsan e’lon qilib, Xorazm va Qashqadaryo viloyati hokimlarini ogohlantirdi. Xuddi shu kuni Urganchda buzilgan uylar egalariga tovon puli to‘lash boshlandi.

««Mening siyosatimga eng katta dushmanlik qilganlardan biri — Xorazm viloyati hokimi janob Ermanov», — deydi prezident.

. Ermanovga internetdagi izohlardan senga va senga o‘xshagan noinsoflaringga «tabrik» jo‘nataman, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Urganch shahar hokimi [Shuhrat Abdullayev]ni jinoiy javobgarlikka tortamiz, desam, advokat bo‘lib, bosh vazirimizga iltimos qilding. Mana, sening menga qilgan «do‘stliging». Sen va mening siyosatim to‘g‘risidagi bugun chiqqan izohlarni o‘qi".

«Sen noinsof menga do‘st bo‘lsang, buzish qo‘lingdan kelmas ekan, nima qilasan u yerni buzib? Mana, izohlarni o‘qi. Bosh vazir borganidan so‘ng odamlar nima deb yozayapti? Sening surating yo‘q bu yerda. Bosh vazirniki turibdi va prezidentning siyosatiga la’nat aytishyapti», — deya davom ettirdi u.

Davlat rahbari buzish ishlari uchun tovon maqsadida davlat byudjetidan mablag‘ ajratilganini ma’lum qildi.

«Atrofingda o‘tirgan odamlaring bilan mana menga qilgan dushmanliklaring. Buzishdan oldin kallang bilan o‘ylab ko‘rmaysanmi, buzgandan foyda bormi yoki yo‘q? U noinsoflarga shuncha pul berdik 30−50 milliardlab, nima qilasan u pulni? Katta xolangning pulimi u moliya vazirligining puli? Yo O‘zbekistonga o‘tkazib qo‘ygan joying bormi?»

Urganchdagi yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov turar joy va ko‘chmas mulklarni ogohlantirishsiz va tovon puli to‘lanmasdan turib buzishni to‘xtatish, yo‘qotishlarni kamaytirgan va qonunchilikni yangilagan holda bosh rejalarni qayta ko‘rib chiqishni topshirdi.