O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi va bosh vazir Abdulla Aripov ishdan bo‘shatilishi lozim bo‘lgan viloyat hokimini tanlashi lozim. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish hamda butun respublikada ko‘chmas mulklarning buzilishiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ushbu topshiriqni berdi.

Avvalroq davlat rahbari Xorazm viloyati hokimi Zafar Ermanov va Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevni tanqid qilgani haqida yozgan edik.

«Shuning uchun Aripov va Nizomiddinovga topshiriq: qaysi viloyat hokimini ishdan olish bo‘yicha taklif berasizlar. Men yana bir marta takrorlayman: bunday zo‘ravonlik siyosati bilan biz uzoqqa bora olmaymiz. Agar zo‘ravonlik siyosati foydali bo‘lganida 30 yilda zo‘r bo‘lib ketgan bo‘lar edik. Ermanovning qilgan qilig‘i, Ro‘ziyevning qilgan xiyonati — bu madaniyatsizlik», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Abdulla Aripovga har uch hokim — Farhod Ermanov, Zafar Ro‘ziyev, Shuhrat G‘aniyev — internetda murojaat bilan chiqishini topshirdi.

«Endi uchovi Internet orqali murojaat qilsin, Abdulla Negmatovich! Ro‘ziyev ham, Ermanov ham, G‘aniyev ham — hammasi. Qanday qilib murojaat qilishini siz o‘zingiz ayting. Butun elga aytsin: O‘zbekistonni unday deb o‘ylamanglar, men ahmoqlik qilganman, men xiyonat qilganman, deb. Millat emas, mamlakat emas, davlat emas, deb. Kerak bo‘lsa o‘sha blogerlarni yig‘sin, blogerlarga o‘zlari hisobot berishsin», — dedi Shavkat Mirziyoyev videoselektorda.

Audioni Tas-Ix`da tinglash