O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumani Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasi (Jasliq koloniyasi) tugatiladi.

Koloniyaning binolari, inshootlari va mavjud mol-mulklarini Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligining Nukus shahrida joylashgan 2-son Tergov xibsxonasi balansiga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzurida Jasliq koloniyasini tugatish bo‘yicha komissiya tashkil etiladi va o‘rnatilgan tartibda kompleks tashkiliy-huquqiy choralarni amalga oshiriladi.

Koloniyada saqlanayotgan mahkumlar sud tomonidan belgilangan tartib turiga muvofiq ravishda ichki ishlar organlarining boshqa jazoni ijro etish koloniyalariga o‘tkaziladi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, u «ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarda qonunga itoatkor xulq-atvorni, shaxs va jamiyatga hurmat munosabatini shakllantirishga yo‘natirilgan axloqan tuzatish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq davlatimizning xalqaro maydonda ijobiy imidjini ilgari surish"ga qaratilgan.