O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning ko‘chmas mulklarni ommaviy buzishda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun tanqid qildi. Avvalroq Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanovning xuddi shu sabab bilan tanqid qilingani haqida xabar bergan edik.

Davlat rahbari hokimlarni 2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish hamda butun respublikada ko‘chmas mulklarning buzilishiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tanqid qildi.

Audioni Tas-Ix`da tinglash

«Gazeta.uz» butun dunyoga o‘z kulolchilik maktabi bilan mashhur Rishton shahrida keng miqyosli rekonstruksiya ishlari doirasida uylarning ommaviy buzilib, daraxtlarga qiron keltirilayotgani haqida yozgan edi (rus tilida). Ushbu ishlarga turli tashkilotlar xodimlarining jalb qilingani esa Mehnat vazirligi tomonidan noqonuniy deb topildi.

««Mana, internet foydalanuvchilarining Rishton tumanidagi ko‘chmas mulk buzilishlariga nisbatan izohlari. Men sizlarga tayyor pul berayapman, pulni «Obod qishloq» qilinglar, deb berayapman. Mana, sening menga «do‘stliging», G‘aniyev degan vallomat! Mana, odamlar izohlarda yig‘layapti, sening rasming yo‘q, prezidentning rasmi bor. Sen noinsof borib, Ermanovga o‘xshab ahmoqlarcha «buza, buz» deysan. Buzishdan avval sen o‘z boshingni buz», — deya tavsiya qildi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik aholi hokimlarning xatti-harakatlarini prezident siyosati sifatida qabul qilmoqda. Shavkat Mirziyoyev Zafar Ro‘ziyev va Shuhrat G‘aniyevning saviyasiga shubha bildirdi.

«Bolalar mehnati bor edi, endi u yo‘q bo‘ldi, endi butun internet prezident topshiriq bergan, buzish, odamlarni norizo qilish bilan to‘lib toshdi. Ey noinsof, Rishton bo‘yicha ham senga pul berib aytdimki, Rishtonni yangilash kerak, biroq odamlarni rozi qilib qilish kerak, deb. Janob G‘aniyev, tajribali hokim! Mayli, Ermanov kecha kelgan hokim, Ro‘ziyev ikkalang xiyonatchisan! Sizlar bilan katta-katta ishlarni amalga oshira olamizmi? Hech qachon oshira olmaymiz! Chunki sizlarga bir topshiriq berishga odam qo‘rqadi! Nega desangiz, saviyang yo‘q, biliming yo‘q, kitob ham o‘qimaysan, prezidentning qarorini ham», — dedi davlat rahbari.

Prezident o‘z topshirig‘i bilan bosh vazir Abdulla Aripov bir hafta ichida to‘rtta sektor faoliyatiga oid yangi prezident qarorini tayyorlashini ma’lum qildi. Joylardagi ishlarni tashkil etishning mazkur tizimi 2017 yil avgustidan buyon amalga joriy etilmoqda.

«To‘rtta sektor ishlamayapti. Ikkinchidan, mas’uliyat va javobgarlikni his qilish yo‘q. Uchinchidan, men [prezidentligimning] birinchi kunidan takrorlab kelmoqdaman: odamlarni bugun rozi qilaylik, deb. Sizlar rozi qilish uyoqda tursin, qilgan ishing odamlarda norozilik uyg‘otish bo‘lmoqda», — dedi u.

31 iyul kuni Rishton tumani hokimi Tavakkaljon Rahimov lavozimini tark etdi. Farg‘ona viloyati hokimligi buni amaldorning salomatligi bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi.