O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Avtotest Report kompaniyasining yuridik shaxslarga tegishli transport vositalari haydovchilari malakasini oshirish xizmatini ko‘rsatish faoliyatini to‘xtatish haqidagi qarorini ustun mavqeni suiiste’mol qilish deb baholadi.

Qo‘mita matbuot xizmatining 2 avgustda e’lon qilgan bayonotda keltirilishicha, kompaniyaga tuzilgan shartnomalarni asossiz ravishda to‘xtatishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida xat yuborilgan. Bozorda ustun mavqea ega xo‘jalik sub’ektining xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘lgan holatdagi bunday qarori «Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 10-moddasi (ustun mavqeni suiiste’mol qilish) talabiga zid hisoblanadi.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda 500 dan ziyod tashkilot turli toifadagi haydovchilik guvohnomalarini olishda shaxslarga nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega.

Biroq faqatgina Avtotest Report yuridik shaxslarga tegishli transport vositalarini boshqaruvchi shaxslar (haydovchilar) malakasini oshirish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega.

3 avgustdan kuchga kiruvchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, malaka oshirish kursidan o‘tmagan yuridik shaxsga tegishli transport vositasi haydovchisi eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarimaga tortiladi.

1 avgust kuni esa Avtotest Report yuridik shaxslar avtotransport vositalari haydovchilari malakasini oshirish faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qildi. Bunga asossiz tanqidlar hamda haydovchilar uchun kurslardan foyda olishda ayblanayotganini sabab qilib ko‘rsatdi.