Amerikaning Project CURE xayriya tashkiloti Qoraqalpog‘istondagi shifoxonalarga o‘nga yaqin turdagi tibbiyot uskunalarini yetkazib berishga tayyor, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov hamda tashkilot vakillarining 24 iyulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha.

Project CURE — xayriya maqsadlarida tibbiyot uskunalarini tarqatuvchi dunyodagi yirik tashkilotlardan biri. Tashkilot faoliyat dunyoning 135 davlatini qamrab olgan. Uning faoliyatiga 20 mingdan ziyod volontyorlar jalb qilingan.

Project CURE vakillari Orolbo‘yiga jarrohlik amaliyoti stollari, diagnostika uskunalari, gemodializ qurilmalari bilan jihozlangan shifoxona koykalari, ultratovush tekshiruvlari uchun uskunalar, rentgen skanerlari, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun intensiv davolash inkubatorlari, tug‘ruq va nogironlar o‘rindiqlari, defibrillyatorlar, laboratoriya jihozlari va tibbiy kislorod ballonlarini yetkazib berishga tayyor.

Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Project CURE o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasidagi birinchi qadam bo‘ladi. Ushbu hujjat asosida Amerika tashkiloti respublikaga Orolbo‘yi hududidagi tibbiyot muassasalarining aniq ehtiyojlarini o‘rganish uchun baholash missiyasini yuboradi.

Missiya Qoraqalpog‘istonga yetkazib beriladigan vositalarning to‘liq ro‘yxatini shakllantiradi. Yetkazib berishda Orolbo‘yi shifoxonalarining texnologik va kadr imkoniyatlari hisobga olinadi. Ya’ni, ayrim uskunalarga qo‘shimcha butlovchi qismlarni (akkumulyatorlar, stabilizatorlar, generatorlar va boshqalar) qo‘shish, shuningdek, ulardan foydalanish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.