2019 yil 31 iyul kuni Pillachilik tarmog‘ida chuqur qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga ko‘ra:

2022 yil 1 avgustgacha pillachilik korxonalariga 8 turdagi mahsulotlarni AQSH, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Turkiyaga eksport qilishda havo va temir yo‘llari transportida tashish xarajatlarining 50 foizgacha miqdorini davlat byudjetidan kompensatsiya qilish uchun subsidiya beriladi;

endilikda «O‘zbekipaksanoat» korxonalari tomonidan pilla yetishtiruvchi sub’ektlarga yetkazib berilgan ipak qurti urug‘i, pilla yetishtirish uchun zarur boshqa resurslar hamda tut ko‘chatlari qiymati tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti deb hisoblanmaydi;

lizing asosida qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish, mineral o‘g‘itlar va boshqa material resurslarini yetkazib berish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari uchun nazarda tutilgan shartlar va tartib pillachilik korxonalariga ham tatbiq etiladi;

2020 yil 1 yanvardan tut daraxtlarini g‘ayriqonuniy kesganlik, shikastlaganlik yoki yo‘q qilganlik uchun undirilgan jarimaning 50 foizi huquqbuzarlik sodir bo‘lgan hududda yangi tut ko‘chatlari ekish uchun yo‘naltiriladi;

tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida eksport ulushi 15 foizdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar uchun qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari 2021 yil 1 yanvarga qadar xom ipak va ipak momig‘i mahsulotlariga ham tatbiq etiladi;

pilla yetishtirish, pilla yetishtiruvchilarga bo‘nak berish kabi ishlarni moliyalashtirishga 2019 — 2022 yillarda ajratiladigan bank kreditlari foiz xarajatlari uchun Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya berish tartibi o‘rnatiladi.

Shuningdek, tirik pilla yetishtirish xizmati narxini 2020 yildan kamida 20 foizga, 2021 yildan yana kamida 10 foizga oshirish choralarini ko‘rish belgilandi.

Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufida Farg‘ona, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida naslli ipak qurti urug‘i yetishtiruvchi muassasalar tashkil etildi.

2022 yil 1 avgustga qadar «O‘zbekipaksanoat» korxonalariga:

ipak qurti urug‘larini «bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash» bojxona rejimiga joylashtirishga ruxsat berildi;

olib chiqilishi natijasida tayyorlangan pillalarni respublika hududiga olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etishga oid imtiyoz berildi.