UPAY va Payme elektron to‘lov xizmatlari elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni tikladi, deya xabar qilindi ularning Facebook-sahifalarida.

UPAY xizmati 31 iyulda 1 avgustdan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish to‘xtatilishini ma’lum qilgan edi. Xuddi shunday mazmundagi xabar 1 avgust kuni Payme sahifasida ham paydo bo‘ldi. Biroq ushbu xizmatlar Toshkent shahri, Toshkent va Andijon viloyatlarida to‘xtatilmadi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda ushbu qarordan noroziligini bildirib, uning 15 avgustdan energiya resurslari tariflarining oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lishini taxmin qildi.

«Izoh qoldirayotgan iste’molchilarning fikricha, bu kommunal korxonalar tashabbusi bilan fuqarolar qarzdorlik va bugun amalda bo‘lgan tariflar bo‘yicha to‘lovlarni oldindan to‘lab qo‘ymasliklari uchun qilingan», — deyiladi qo‘mita matbuot xizmati xabarida.

Payme vakillari foydalanuvchilarning to‘lovlarni qabul qilish nima uchun to‘xtatilgani haqidagi savollariga javob berar ekan, mazkur qarorning bir tomonlama tartibda qabul qilinganini ma’lum qildi.

UPAY Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga iyunda «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi o‘rtadagi shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi munosabati bilan uni bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UPAY va «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonasini shartnoma shartlarini 15 avgustdan keyin (amaldagi tariflar bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilish muddati tugagunga qadar)qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Shunday qilib, UPAY xizmati va boshqa mobil to‘lov ilovalari, shuningdek bank kassalari elektr energiyasi to‘lovlarini qabul qilishda davom etadi.