O‘zbekistonda shaxsni qayta tarbiyalash maqsadida ozodlikni cheklash jazosidan keng foydalanilmoqda. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tuman sudi raisi Zafarbek Yoqubovning maqolasida so‘z boradi.

Mamlakatimizning kechirimlilik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat fazilatlariga yo‘g‘rilgan qonunlari jazolarni mutassil ravishda yengillatib borish, shu orqali shaxsni tarbiyalash, jumladan, oila va jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalashning yangi hamda butun dunyo tan olgan demokratik usullarini samarali joriy etish yo‘l-yo‘riqlarini ko‘zda tutadi. Sud-huquq tizimi islohotlarining tobora chuqurlashuvi bu yo‘ldagi izlanish va qonun ijodkorligi jarayonlariga samarali ta’sir ko‘rsatmoqda.

Demokratik jamiyatimizda jinoyat uchun jazo tayinlashning yengillik, kechirimlilik, bag‘rikenglik kabi choralarini nazarda tutuvchi yangidan-yangi qirralari sud-qonunchilik amaliyotiga qat’iyat bilan joriy etilmoqda. Jinoyat va Jinoyat protsessual kodekslarining tegishli moddalariga ozodlikni cheklash yuzasidan kiritilgan yangi qoida buning yana bir namunasi bo‘ldi.

Gap ozodlikni cheklash jazosi haqida borarkan, shaxsni qayta tarbiyalashning ushbu yangi turi qaysi ko‘rinishdagi qilmishlar uchun kimlarga nisbatan va nimalarga asosan qo‘llanilishini alohida tushuntirish zarur. Bunga oid fikr-mulohazalarni sudda ko‘rilgan bir jinoyat ishi misolida e’tiboringizga havola etamiz.

Beruniy tumanining «Shobboz» ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashaydigan Doston Baylepesov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hali yigirma yoshga ham to‘lmagan. Bilagida tog‘ni ursa, talqon qiladigan kuchi bor. Beruniy tumanidagi Yengil sanoat kasb-hunar kollejining 3-bosqichida tahsil oladi.

U bo‘sh vaqtida ba’zan o‘qishi va ro‘zg‘or tirikchiligi uchun ishlaydi.

Doston yigitlik sha’niga dog‘ tushirgan o‘sha mash’um sana — 2018 yil 29 dekabrda ham uyida nonushta qilgach, o‘zi vaqtincha ishlayotgan qurilish maydoni tomon yo‘l oldi.

Ish peshinda tugadi. Bunday paytda uyda zerikib o‘tirgandan ko‘ra, ko‘cha kezib, chor-atrofni tomosha qilish gashtiga ne yetsin? Shu bois Doston tuman markazida bezatilgan yangi yil archasi tomon yo‘l oldi.

U katta maydonda yarim tunga qadar aylandi. Shu asnoda qorni ochdi.

Tengqur do‘sti Umidbekka sim qoqib, birgalikda tamaddi qilishni taklif etdi. Choyxonadagi bayramoldi «ziyofat» allamahalgacha davom etdi.

Shundan so‘ng Umidbek qo‘shnisidan izn so‘rab, uyi tomon ketdi. Biroq Dostonning hali-beri uyga qaytgisi yo‘q edi. O‘shanda, 30 dekabrning izg‘irinli tuni gavjum yo‘l va ko‘chalar odamlar va ulovlardan xoli, deyarli bo‘shab qoldi.

Doston yakka o‘zi hamon ko‘chada sandiroqlab yurardi. Soat millari tungi soat 3.00 ni qoraladi. Shundagina Dostonbek uyi sari yo‘l oldi.

Uyiga yaqinlashganida, ko‘z o‘ngida yaqin qarindoshi Muhitning qiyofasi gavdalandi. Qarindoshi oddiy qishloq bolasi emas: gijinglagan «Neksiya"ning egasi.

Muhitni ko‘rgach, Dostonning ko‘nglida alamli o‘y-xayollar paydo bo‘ldi.

Tun allaqachon yarmidan oqqan bo‘lsa-da, Muhitdan hozirgina o‘zi qaytgan manzilga eltib qo‘yishni so‘radi. U qarindoshining iltimosini yerda qoldirmadi. Uni tezda aytilgan manzilga yetkazib, ortiga qaytdi.

Yana yolg‘iz qolgan Doston ko‘p ham xayolga berilmadi. Sokin va kimsasiz ko‘cha bo‘ylab ildam yurgancha, katta bozor maydoniga yetdi. Bu yerni ham ancha kezdi. Qish emasmi, badaniga tunning izg‘irinli sovug‘i oraladi.

Bir chog‘ Doston Olimboy Muhammadjonovning bozor hududidagi kiyim-kechaklar do‘koni qarshisida paydo bo‘ldi. Dilidagi shum niyat qalqib yuzaga chiqdi. Oyog‘i ostidagi katta tosh bo‘lagini qo‘liga olib, «ish"ga dadil kirishdi.

Do‘kon oynasi bir pasdayoq chil-chil sindi va u do‘kon ichiga kirdi…

Doston o‘sha tunda do‘kondan umumiy qiymati 3 million 385 ming so‘mlik 37 ta kiyim-kechakni o‘mardi. Bu ish atigi bir necha daqiqa ichida, go‘yoki xamirdan qil sug‘urganday tarzda silliq kechdi. «O‘g‘rigina bola"ning bemavrid «tashrifi"ni hech kim ko‘rmay, bilmay, sezmay ham qoldi.

Notavon ko‘ngilning tag‘in junbushga kelishi, rostini aytganda, o‘g‘irlikni qo‘msashi uchun shunday «omil» ham yetarli ekan. Dostonning tuman markazi ko‘chalari bo‘ylab tungi «sayri» yana davom etdi. U natijali kechgan ilk «operatsiya"dan so‘ng oradan yarim soat o‘tmayoq, bozor yaqinidagi yana bir savdo maskani — zargarlik do‘koni qarshisida paydo bo‘ldi.

Afsuski, bu gal undan omad yuz o‘girdi. Do‘konning oynavand eshigini-ku jo‘ngina sindirdi. Lekin ichkaridagi og‘ir temir eshik umidini chippakka chiqardi. Do‘konning yengil plastmassa eshigini bir zarb bilan buzib, uning sohibiga qariyb 120 ming so‘mlik moddiy ziyon yetkazgan «qahramonimiz» noiloj ortiga qaytib, yana fursat poyladi.

O‘sha qulay fursat ko‘p kuttirmadi. O‘zi ishlayotgan maktab qurilishi o‘g‘irlikning navbatdagi makoniga aylandi. Ertasi kuni soat 11.00 lar chamasi ilm maskani qozonxonasi yonidan o‘tayotib, uning qo‘riqchisiz ekanini osongina fahmladi va shu zahotiyoq o‘zini ichkariga urdi. Bu yerdan qurilishdagi sheriklari tomonidan qoldirib ketilgan narxi 800 ming so‘mlik metall kesish moslamasi — «Bolgarka"ni o‘marib ketdi.

Qing‘irlik qirq yil o‘tsa-da, fosh bo‘ladi. O‘zganing mulkini boshqa birov hazm qilib ketaverishi oson ish emas.

Dostonning ham qilmishlari oxir-oqibat oshkor bo‘ldi. Uning aybi Jinoyat kodeksining o‘g‘irlikni ifodalovchi 169-moddasi 3-qismi «a» bandi va qilmishga suiqasdni nazarda tutuvchi 25,169-moddaning 3-qismi «a» bandi bilan malakalandi. Ayblanuvchi sudgacha oynavand eshikni buzish natijasida Z. Ollaberganovga yetkazilgan 120 ming so‘m miqdoridagi zararnigina bartaraf eta oldi.

Sudda esa, aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, agar imkon berilsa, qolgan ikki nafar fuqaroga yetkazilgan jami 4 million 185 ming so‘mlik moddiy zararni halol ishlab topgan puli evaziga qoplash, sha’niga tushgan qora dog‘ni namunali hayoti, insoniylik fazilatlari bilan yuvishga astoydil va’da berdi.

Sud aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, hayotning to‘g‘ri yo‘llarini ixtiyor etgan o‘spirinning o‘tinchini, uni jamiyatdan, oilasidan ajratmagan holda qayta tarbiya¬lashni o‘z zimmasiga olgan va shu yuzasidan kafillik xati bilan murojaat qilgan tuman Yengil sanoat kasb-hunar kolleji rahbariyatining iltimosi, yetkazilgan moddiy ziyonning o‘rni qoplangan taqdirda da’vosidan voz kechishi xususida ko‘rsatma bergan jabrlanuvchining qonuniy vakili D. Muhammadjonova va da’vogar A. Bekmatovning bayonotini inobatga oldi.

Sud tomonidan sudlanuvchini oila va jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash maqsadga muvofiq, deb topildi.

Shu tariqa Dostonga nisbatan Jinoyat kodeksining yengilroq jazo tayinlashga doir 57-moddasi tatbiq etilib, e’lon qilingan har ikki modda bo‘yicha jami 4 yil muddatga ozodlikni cheklash chorasi qo‘llanildi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi jazoning bunday turini yil boshidan buyon jami 3 ta jinoyat ishi bo‘yicha uch nafar shaxsga nisbatan qo‘lladi.

Aytish kerakki, dunyoda ozodlikni cheklash jazosini joriy qilgan davlatlar soni unchayam ko‘p emas. Qayta tarbiyalashning bunday ta’sirchan va samarali usuli Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Shveysariya, Ispaniya kabi davlatlarda bir muncha kengroq qo‘llaniladi.

Muqobil jazo turi sifatida joriy etilgan ushbu amaliyot mamlakatimiz qonunchiligi tarixida yana bir muhim yangilik bo‘ldi.

Jazoning ushbu turi qonunchiligimizga xalqimizning azaliy qadriyatlari, turmush tarzi va urf-odatlarini to‘liq hisobga olgan holda kiritildi.

Ozodlikni cheklash sud tomonidan mahkumga nisbatan yashash joyini u yoki bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlashdan yoki sutkaning muayyan vaqtida u yerdan chiqishni cheklashdan iborat bo‘lib, faqat asosiy jazo sifatida qo‘llaniladi. U jinoyatlarning xususiyati va xavflilik darajasiga ko‘ra, ijtimoiy xavfi uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun — bir oydan besh yilgacha, voyaga yetmaganlarga nisbatan esa, olti oydan ikki yilgacha bo‘lgan muddatga tatbiq etiladi.

Jazo sud tomonidan belgilangan organlar nazoratida o‘tadi. Jazoni o‘tash shartlari sud tomonidan belgilanadi.

Sud cheklashning xususiyatlarini nazarda tutgan holda mahkumning zimmasiga muayyan joylarga bormaslik, ommaviy va boshqa tadbirlarda ishtirok etmaslik, nomatlub faoliyat bilan shug‘ullanmaslik, man etilgan buyumlarga ega bo‘lmaslik yoki ularni o‘zida saqlamaslik, transport vositasini boshqarmaslik, vakolatli organning roziligisiz yashash va ish joyini o‘zgartirmaslik, tegishli ma’muriy hududdan tashqariga chiqmaslik, ayrim toifa shaxslar bilan aloqa o‘rnatmaslik, aloqa vositalari, jumladan, internet tizimidan foydalanmaslik, alkogolli ichimliklarni iste’mol etmaslik singari qo‘shimcha taqiq va cheklovlarni ham yuklaydi.

Bundan tashqari sud ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxsning zimmasiga o‘zi yetkazgan moddiy zararni qoplash, ishga yoki o‘qishga joylashish majburiyatlarini ham yuklashi mumkin. Agar shaxs jazoni o‘tash davrida o‘zining jinoiy qilmishlarini anglab yetgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan bo‘lsa, sud mahkumga nisbatan taqiq va cheklashlarni to‘liq yoki qisman bekor qiladi.

Mahkum jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan yoxud sud tomonidan zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, ozodlikni cheklash jazosining o‘talmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkinligi ham nazarda tutiladi.

Ehtiyoj yuzaga kelgan hollarda esa, mahkumga nisbatan elektron kuzatuv tartibi joriy qilinadi.

Jinoyat-ijroiya kodeksining «Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni ijro etish» deb nomlangan 8−1-bobi va undagi 4 ta yangi moddaga ko‘ra, mahkum yashash joyidan ketishi, ma’muriy hudud doirasidagi joylarga borishi yoxud ushbu hududdan tashqariga chiqishi uchun zururat tug‘ilgan hollarda va doimiy yashash joyini o‘zgartirayotganida jazoni ijro etish inspeksiyasiga tegishli tartibda murojaat qilib, ruxsatnoma olishi darkor.

Agar mahkum ozodlikni cheklash jazosini o‘tash tartibi va shartlarini buzsa, jazoni ijro etish muassasasi unga nisbatan ogohlantirish tarzidagi chorani qo‘llaydi. Mazkur jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlangan, shuningdek, sud tomonidan shaxsning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar bajarilmagan hollarda jazoni ijro etish organi sudga ozodlikni cheklashning o‘talmagan muddatini jazoning boshqa turiga almashtirish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi.

Xulosa qilib aytganda, ozodlikni cheklashga qaratilgan ushbu tartib mustaqil jazo turi sifatida sud amaliyotidan muqim va mustahkam o‘rin oldi. Natijada bi¬lib-bilmagan holda qonun talabini buzgan shaxslarni turmushning to‘g‘ri va ravon yo‘lariga boshlash, jinoiy qilmishlarni jilovlashda ozodlikni cheklash jazosi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.