Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning sifatli ta’lim olishi, ularni har tomonlama barkamol voyaga yetishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish maqsadida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda 31 ta bog‘chada o‘rganish o‘tkazdi. Bu haqda Zarnews.uz xabar berdi.

Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasining ma’lumot berishicha, o‘rganish davomida ushbu muassasalarda qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘ygan 24 nafar maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi hamda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 51 nafar rahbar va mas’ul xodimlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Bu kabi muammolarning oldini olish, muassasalardagi kamchiliklarni bartaraf etish, ta’lim tizimini rivojlantirish maqsadida muassasa tarbiyachilari, psixolog, pedagoglar va boshqa mas’ul xodimlar ishtirokida 40 dan ortiq seminar-treninglar o‘tkazildi.

Shuningdek, o‘rganish davomida kamchiliklarni bartaraf etgan va ijobiy natijalarga erishgan 2 ta maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i va 12 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mudiralarining intizomiy jazo choralari belgilangan tartibda bekor qilindi.